Jamiyat
Ehson niqobi ostidagi xatar: terrorizmni moliyalashtirishdan saqlaning!
Insoniyat tarixida ehson va xayriya ishlari jamiyatni birlashtiruvchi, muhtojlarga yordam beruvchi ezgu qadriyatlardan biri hisoblanadi. Islom dinida ham muhtojlarga yordam ko‘rsatish, sadaqa va zakot ulashish insonning savobini ko‘paytiruvchi, jamiyatda mehr-shafqatni mustahkamlovchi amal sifatida ta’kidlangan.
Biroq so‘nggi yillarda ayrim jinoiy va ekstremistik guruhlar ana shu ezgu tushunchani suiiste’mol qilib, “ehson” yoki “xayriya” niqobi ostida terrorizmni moliyalashtirishga urinish holatlari kuzatilmoqda.
O‘tgan yilning kuz faslida Koreya telekanallari orqali Janubiy Koreyada soxta xayriya orqali 663 ming dollar miqdorida pul yig‘ib, terrorchilik faoliyatini moliyalashtirgan o‘zbekistonlik yigit ushlanganligi to‘g‘risidagi xabarlar keng tarqaldi.
Afsuski, so‘nggi yillarda ayrim jinoiy to‘dalar va ekstremistik guruhlar ushbu olijanob tushunchani suiiste’mol qilib, “ehson” niqobi ostida terrorizmni moliyalashtirishga urinmoqda. Xususan, o‘tgan yilning kuzida Janubiy Koreyada soxta xayriya tadbirlarini tashkil etib, 663 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ to‘plagan o‘zbekistonlik yigit qo‘lga olingani haqidagi xabarlar ushbu mamlakat ommaviy axborot vositalarida keng aks-sado berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 29 yoshli ushbu shaxs firibgarlik va aldov yo‘li bilan yig‘ilgan mablag‘larning bir qismini BMT tomonidan terrorchilik tashkiloti deb tan olingan “Katiba at-Tavhid val-Jihod” (KTJ) hamda “HAMAS” guruhlariga yo‘naltirgan.
Bundan tashqari, shu kunlarda OAVda Buxoroda terrorizmni moliyalashtirgan ota va o‘g‘il haqida xabarlar tarqaldi. Aniqlanishicha, Buxoro shahrida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan shaxs yot g‘oyalar ta’sirida 2019-yilda Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qo‘shilgan va ijtimoiy tarmoqlar orqali jangarilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida xayriya pullarini yig‘ib kelgan. Bu ishga hatto otasini ham jalb qilgan.
Hozirda uning aldovlariga uchib, pul yuborgan 8 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 155-3-moddasi, ya’ni terrorizmni moliyalashtirish aybi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ota esa sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etildi. Jinoyatchi o‘g‘ilga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Mazkur har ikki holatda ham “ehson” deya yig‘ilgan pullarning oxiri borar manzili terrorchilarning cho‘ntagi bo‘lgan va ularning kayfi-safosiga sarflangan.
Bugungi kunda terrorchi tashkilotlar ham internet orqali musulmonlarga, G‘azo aholisiga yordam berishni niqob qilgan holda xayriya aksiyalarini tashkil etish orqali pul yig‘ib,ularning faoliyati moliyalashtirib kelishmoqda.
Rahmdil va saxovatpesha xalqimiz esa yuqoridagi kabi terrorchilik tashkilotlari tarafdorlarining aldoviga uchib, internetda e’lon qilingan norasmiy manbalarga “ehson” yuborishmoqda. Oqibatda o‘zlari bilmagan holda terrorizmni moliyalashtirishda ishtirok etgan jinoyatchiga aylanishmoqda.
Ta’kidlash lozimki, ayrim terrorchi tashkilotlar tomonidan yuqoridagi usullar orqali yig‘ilgan pullarning juda ham oz qismi, odamlarni ishontirish maqsadida ehsonga sarflanadi va ushbu holat videotasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda faol tarqatiladi. Natijada, ushbu videomateriallarni ko‘rgan fuqarolar ularga to‘liq ishonib, ehson sifatida pullarni yuborishmoqda.
O‘zbek xalqi bag‘rikeng va insonparvar, dini va e’tiqodiga sodiq. Yordamga muhtojlarga hamisha qo‘lidan kelguncha yaxshilik ulashishni, xayru ehson qilishni ezgu amal sifatida qadrlaydi. G‘azoga ko‘mak, musulmon birodarlarimizga yordam deb jinoyatchilarga sherik bo‘lib qolmaslik uchun ham davlatimiz tomonidan, mamlakat Prezidenti boshchiligida G‘azoni qayta tiklash borasida muhim vazifalar belgilanib, amalga oshirilayotganini bilish zarur.
Zero, ezgu niyat bilan qilingan ehson jamiyatni yaxshilikka yetaklashi kerak, zo‘ravonlik va adovatni moliyalashtirishga emas. Ushbu Muborak Ramazon oyida xalqimizni “zakot”, “fitr” ko‘rinishidagi “ehson” pullarni terrorchilik tashkilotlari a’zolariga yuborishlarining oldini olish maqsadida ogohlikka chaqiramiz!
«Bu ezgu maqsadga mening hissam qo‘shilsin, deb xayru ehson qilishni istagan kishilar O‘zbekiston Musulmonlari idorasi huzurida faoliyat yuritadigan “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali xayrli maqsadlarini amalga oshirsalar ayni muddaodir.
“Vaqf” jamoat fondiga tushgan mablag‘lar masjidlar va diniy ta’lim muassasalarini qurish va ta’mirlash, diniy o‘quv yurtlarini qo‘llab-quvvatlash, talabalar va olimlarga moddiy yordam berish, kam ta’minlangan oilalar, nogironlar va muhtojlarga yordam ko‘rsatish, haj va umraga boruvchilarga xizmatlarni tashkil qilishga sarflanadi. Bu ishlar esa xayriya pullari, zakot, fitr va sadaqalar orqali amalga oshiriladi.
Ehsonning eng afzali oilangga, qarindoshing, qo‘ni-qo‘shning, mahallang ahliga qilinganidir. Ehson — insonparvarlik va bag‘rikenglik ramzi. Uni suiiste’mol qilish esa jamiyat uchun katta xavf tug‘diradi. Shu bois har bir inson xayriya qilishda mas’uliyatli bo‘lishi, mablag‘lar haqiqatan ham muhtojlarga yetib borishiga ishonch hosil qilishi zarur.