Jamiyat
DXX hududlarda firibgarlik bilan bog‘liq holatlarni aniqladi
Samarqandda geologik xizmatlar ko‘rsatish xususiy korxonasi direktori fuqaroga oltin ma’danlari joylashgan maxfiy geologik xarita va fotosuratlar borligini aytib, ularni sotmoqchi bo‘lganida ushlandi.
Samarqand shahrida geologik xizmatlar ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxona direktori qo‘lga olindi.
DXX xabariga ko‘ra, u kelgusida noqonuniy boylik orttirish maqsadida mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, muqaddam o‘zining Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida mas’ul lavozimlarda ishlagani hamda o‘zida Samarqand va Jizzax viloyatlari hududlarida amalga oshirilgan geologik-qidiruv ishlari natijasida yaratilgan oltin ma’danlari joylashgan maxfiy geologik xarita va fotosuratlar borligini aytib, ularni 25 ming AQSh dollariga sotishini aytgan.
DXXning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs kelishilgan pullardan 10 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tegishli tashkilotlar bergan xulosaga ko‘ra, ushbu shaxs iddao qilayotgan hech bir ma’lumot maxfiy hisoblanmaydi.
“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi “Muborak magistral gaz quvurlari” boshqarmasi gaz tarqatish stansiyasi bo‘limi Shahrisabz Gs operatori Qarshi shahrida yashovchi fuqaroni yuqori lavozimdagi tanishlari orqali “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi tashkilotlardan biriga nazoratchi lavozimiga ishga olinishi uchun 4 000 AQSh dollari talab qilgan.
DXXning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda IJQK departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda operator so‘ralgan 4000 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.