Jamiyat

Dulsi xonim izlagan Boqijon Akramov Buxoro va Qashqadaryodan topildi

Published

on


Ikkinchi jahon urushi davrida nemislar qo‘liga asir tushib, Jyersi orolida tutqunlikda bo‘lgan va jahannam orolidan qochishga muvaffaq bo‘lgan Boqijon Akramov asli Namangandanmas, balki Buxoro shahridan ekani ma’lum bo‘ldi. Kun.uz muxbiri Buxoro va hozirda uning avlodlari yashayotgan Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, ular bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi, Boqijon Akramovning urushdan o‘zi bilan olib kelgan noyob suratlari bilan tanishdi.

Yaqinda BBSʼda II jahon urushi davrida nemis askarlari qo‘liga asir tushib, Fransiya va Britaniya o‘rtasidagi La-Mansh bo‘g‘ozidagi Jyersi orolida tutqunlikda yashagan o‘zbek askari Boqijon Akramov haqida xujjatli film namoyish qilindi. Tunnel va bunkerlar qurish uchun foydalanilgan askar ajal orolidan 1943 yilning 27 aprelida qochib ketishga muvaffaq bo‘ladi va 3 oy davomida dalalarda yashirinib yurib, kartoshka po‘chog‘i bilan oziqlanib tirik qoladi.


Jyersi orolini qo‘riqlayotgan nemis askari, 1940 yil / FOTO: Atlantic-Press/ullstein bild via Getty ImagesAtlantic-Press/ullstein bild

O‘shanda mahalliy fermerlardan biri – Le Bretonlar oilasi o‘z jonini xatarga qo‘yib bo‘lsa ham Boqijon Akramovga uyidan boshpana berib, uning hayotini saqlab qoladi.


Boqijon Akramovga boshpana bergan Jon va Fillis Le Bretonlar / FOTO: BBC

O‘zbekistonlik askar oiladan ingliz tilini o‘rganadi, urush tugagunicha dala ishlarida oilaga yordam beradi. Urushdan keyin Akramov O‘zbekistonga qaytib keladi.

BBS muxbirlari Boqijon Akramov asli namanganlik bo‘lgani haqida ma’lumotga duch kelishgan. Shundan so‘ng BBC muxbiri Namanganda Boqijon Akramovning nevarasi ekani deya aytilgan Shamsiddin Oxunboyev va uning singillari bilan uchrashadi. Namanganlik oila bobosining hayotini saqlab qolgan fermerning 90 yoshli qizi Dulsi Le Breton bilan videomuloqot davomida ko‘z yosh ham to‘kishadi. Keksa Dulsi xonim Namanganga taklif qilinadi.


Shamsiddin Oxunboyev


Dulsi Le Breton


Dulsi o‘z uyida saqlayotgan Tom amaki (Boqijon Akramov)ning surati FOTO: BBS

Xo‘sh, britan oilasi g‘amxo‘rlik qilgan Boqijon Akramov asli namanganlikmi? U chindan ham namanganlik Shamsiddin Oxunboyevning bobosimi?

Boqijon Akramovning nevarasi deya aytilgan Shamsiddin Oxunboyev bobosining birorta suratini taqdim qilmagan. Lavhada Shamsiddin Oxunboyev bobosining urushda nemislarga asir tushgani, u yerdan qochgani va uni ingliz oilasi qutqarib qolgani haqida hech kimga hech narsa aytmaganini ham aytib o‘tgan.

Savollar tug‘ilgani uchan Shamsiddin akaning telefon raqamini surishtirib topib bu qiziqarli tarix haqida men ham ko‘rsatuv tayyorlamoqchi ekanimni aytdim. Avvaliga rozi bo‘lgan otaxon negadir fikridan qaytdi va hatto mendan shubhalana boshladi. Qizig‘i, Telegramʼdagi yozishmalarimizni (uy manzilini tashlab bergan edi) ham o‘chirib tashladi.

Shu bois bu mavzuga yana ham jiddiyroq qiziqa boshladim…

Xo‘sh, Britaniyaning Jyersi orolida yashovchi Dulsi Le Breton xonim izlayotgan Boqijon Akramov aslida kim? Ushbu savolga javob izlab Buxoroga yo‘l oldik…

***

Buxoroda Boqijon Akramovning qarindoshlarini yaqindan tanigan Hofizjon Rahimboyev bilan uchrashdik.


Sobirjon Haydarov, Boqijon Akramovning nevarasi

Ertasi kuni Qashqadaryoning G‘uzor tumaniga yo‘l oldik. Boqijon Akramov urushdan avval Buxoroda yashagan. Urushdan keyin esa G‘uzorga borib o‘sha paytdagi Telman (hozirgi 7-maktab) nomidagi maktabda matematika fanidan dars bergan ekan.

G‘uzor tumanida Boqijon Akramov qabrini ziyorat qildik. G‘uzorda tutqunlikda yashagan askarning onasi Ochiloy Shodiyevaning ham qabri bor ekan.

II jahon urushi davrida nemislar qo‘liga asir tushib Jyersi orolida tutqunlikda yashagan o‘zbek askari Boqijon Akramov asli namanganlik emas, balki buxorolik ekani oydinlashdi. Qarshi shahridagi Boqijon Akramovning o‘g‘li Mels Akramov yashagan hovlidagi eski sandiq ichidan tarixiy suratlarni topdik. Ular ichida Boqijon Akramov urushdan o‘zi bilan birga olib kelgan suratlar bor edi.


Boqijon Akramovning o‘g‘li Mels Akramov yashagan hovli


Boqijon Akramov Fillis Le Breton bilan


Boqijon Akramovning Britaniyadan olib kelgan surati

Boqijon Akramov o‘zi bilan birga Le Bretonlar oilasi, aniqrog‘i Fillis Le Breton bilan tushgan suratlarga qo‘shib yana bir nechta esdalik suratlari, tilla soat va Bibliya olib kelgan ekan.

Boqijon Akramov kim?

Boqijon Akramov 1914 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Otasi Akramov Xudoyor, onasi Ochiloy Shodiyeva. Uning Narzi Akramova (1921 yilda tug‘ilgan), Hamro Hasanova (1924 yilda tug‘ilgan) ismli singillari bo‘lgan.

Boqijon Akramov 1931-32 yillarda “Kambag‘al dehqon” kolxozida o‘qituvchi bo‘lgan. 1932-33 yillarda Dushanbe shahridagi o‘qituvchilar tayyorlash texnikumida ta’lim olgan. 1933 yilda 33 yoshida uning otasi kasallikdan vafot etgan. Singillari hali yosh bo‘lgani uchun Dushanbedan Buxoro shahriga qaytib keladi. U paytlar qurg‘oqchilik, ocharchilikka to‘g‘ri kelgan.

1939 yilning yozida Boqijon Akramov Fazilatxon Po‘latovaga uylanadi. 1939 yilning noyabrida Qizil Armiya safiga xarbiy xizmatga chaqiriladi. 1940 yilda u o‘g‘il farzandli bo‘ladi. Ismini Mels qo‘yishadi.


Boqijon Akramovning turmush o‘rtog‘i Fazilatxon Po‘latova, o‘g‘li Mels Akramov va qizi Nazira Akramova

Askar urushda nemislarga asir tushadi. Minglab asirlar qatorida u Jyersi orolida nemis istehkomlari qurishda ishtirok etadi. Bir necha marta urinishlardan so‘ng u oroldan qochishga muvaffaq bo‘ladi. Boqijon Akramovga britan oilasi – Le Bretonlar o‘z uyidan boshpana berib hayotini saqlab qoladi. Urush tugagunicha askar shu oilada Tom nomi bilan jon saqlaydi. Ingliz tilini o‘rganadi.

1943 yilda Qashqadaryo Buxoro viloyatidan mustaqil bo‘lib ajrab chiqdi. 1944 yilda Boqijon Akramovning yaqinlari G‘uzorga ko‘chib kelishadi. Chunki cinglisi Narzi Akramova G‘uzor partiya qo‘mitasiga ishga tayinlangan edi.


Boqijon Akramov yashagan hovli, Buxoro

1945 yilning oxirida Boqijon Akramov urushdan qaytib keladi. Yaqinlarini Buxorodan topa olmay, G‘uzorga ketadi va Telman nomidagi maktabda dars bera boshlaydi. 1946 yilning oktyabrida Boqijon Akramovning ikkinchi farzandi Nazira tug‘iladi.


Shahodat Fattayeva, Boqijon Akramovning jiyani

Ko‘p o‘tmay Boqijon Akramov betob bo‘lib qoladi. U yaqinlariga konslagerda qanday qiyinchiliklar ko‘rganlari, nemis askarlari boshiga har daqiqada rezina darralari bilan urganlari va Jyersi orolidan qochib ketgani, britan oilasi uyidan joy berib hayotini saqlab qolgani haqida aytib bergan. Boqijon Akramov vafotidan so‘ng uning turmush o‘rtog‘i va farzandlari Buxoro shahriga ko‘chib ketishadi.


Boqijon Akramovning yaqinlari qabri, Buxoro shahri


Boqijon Akramovning 86 yoshli kuyovi Sayfullo Haydarov


Shuhrat Akramov, Boqijon Akramovning nevarasi


Shahlo Akramova, Boqijon Akramovning nevarasi


Boqijon Akramovning nevaralari

***

Tasvirga olish jarayonida Boqijon Akramovning jiyani Shahodat Fattayeva, nevaralari Shuhrat Akramov, Sobir Haydarov, Akmal Akramov, Shahlo va Ra’no Akramova bobolarining hayotini saqlab qolgan Le Bretonlar oilasi vakili, 90 yoshli Dulsi xonimga alohida minnatdorchilik bildirishib, uni O‘zbekistonga taklif qilishdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version