Jamiyat
Diabet va endokrin kasalligi bor bemorlar jaziramada nimalarga e’tibor berishi kerak?
Sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari yozning jazirama kunlarida qandli diabet va boshqa endokrin kasalliklarga chalingan bemorlarga salomatlikka alohida e’tibor qaratishni tavsiya etdi.
Qayd etilishicha, yuqori harorat organizmda suyuqlik yo‘qotilishini kuchaytiradi. Shu sababli bemorlarga kun davomida ehtiyojdan kelib chiqib, uch litrgacha toza ichimlik suvi iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Shuningdek, issiq havoda qovurilgan va yog‘li taomlarni cheklab, qaynatilgan yoki dimlangan yengil ovqatlar hamda yangi sabzavotlardan tayyorlangan salatlarni ko‘proq iste’mol qilish tavsiya etilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jazirama qonda glyukoza miqdorining oshishi va qon quyuqlashishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois qand miqdorini pasaytiruvchi dori vositalarini shifokor tavsiyasiga muvofiq o‘z vaqtida qabul qilish, ularning dozasini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirmaslik hamda zarurat tug‘ilganda shifokorga murojaat qilish muhim.
Bundan tashqari, bemorlarga qondagi qand miqdorini haftasiga kamida ikki marta, arterial qon bosimini esa har kuni ertalab va kechqurun nazorat qilish tavsiya etildi.
Shifokorlar dori vositalarini maxsus sovituvchi idishlarda saqlash, ularni avtomobil salonida yoki quyosh nuri to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushadigan joylarda qoldirmaslik kerakligini ham eslatdi. Chunki yuqori harorat dori vositalarining samaradorligini pasaytirishi mumkin.
Mutaxassislar, shuningdek, endokrin kasalligi bor bolalarning ota-onalariga jazirama kunlarda farzandlariga bosh kiyim kiydirish, yetarli miqdorda suyuqlik ichirish va muzdek emas, xona haroratidagi ichimliklarni berishni tavsiya qildi.