Iqtisodiyot
Deputatlar TXMM va Enterprise Uzbekistan to‘g‘risidagi qonunlarni qabul qildi
Qonunchilik palatasi Angliya va Uels huquqi amal qiladigan Toshkent xalqaro moliya markazi hamda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qildi. Alohida hududlarda maxsus huquqiy rejim o‘rnatish uchun O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ham o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2 iyun kungi yalpi majlisida “Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi hamda “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunlar loyihalari ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi va ma’qullash uchun Senatga yuborildi.
Konstitutsiyaga o‘zgartishlar
“Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Konstitutsiyaning 15-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida yagona huquqiy makon saqlangan holda, alohida hududlarda qonun asosida maxsus huquqiy rejim o‘rnatish imkoniyati belgilanmoqda.
Bosh qomusning 131-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimcha bilan esa, maxsus huquqiy rejim amal qiladigan hududlarda ixtisoslashgan sudlar tashkil etilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Konstitutsiyadagi 134-moddaga kiritilayotgan o‘zgartirish bilan, ayrim maxsus holatlarda sud yurisdiksiyasi va sud ishlarini yuritish tartibi qonun bilan alohida belgilanishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.
Toshkent xalqaro moliya markazi
Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy maqomi, faoliyat tamoyillari, boshqaruv tizimi, vakolatlari va markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejim belgilangan.
Jumladan, markaz hududida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, mazkur konstitutsiyaviy qonunga va moliya markazining qarorlariga zid bo‘lmagan holda Angliya va Uels huquqining prinsiplari, qonunchiligi va sud pretsedentlari amal qilishiga oid qoidalar o‘z aksini topgan.
Majlisda dunyoning yetakchi moliya markazlari – Dubay xalqaro moliya markazi (DIFC), Ostona xalqaro moliya markazi (AIFC) va Singapur tajribasi atroflicha o‘rganilgani ta’kidlanib, qonun loyihasi bilan Toshkent xalqaro moliya markazining institutsional tuzilmasi belgilanayotgani qayd etildi.
Qonun loyihasida Toshkent xalqaro moliya markazi ma’muriyati, Toshkent moliyaviy xizmatlar boshqarmasi va Toshkent xalqaro tijorat sudining huquqiy maqomi mustahkamlanmoqda. Toshkent moliyaviy xizmatlar boshqarmasi litsenziyalash, nazorat qilish va ta’sir choralarini qo‘llash vakolatiga ega bo‘ladi. Toshkent xalqaro tijorat sudi esa markaz ishtirokchilari o‘rtasidagi nizolarni mustaqil ravishda ko‘rib chiqadi.
Loyihada markaz ishtirokchilari va ularning xodimlariga xorijiy valutalarda hisob-kitob qilish, chet ellik mutaxassislarni ishga qabul qilish, 5 yilgacha amal qiladigan maxsus vizalar olish huquqi berilishi ham nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, markaz hududida soliq va bojxona imtiyozlari joriy etilishi belgilangan.
“Enterprise Uzbekistan” xalqaro IT-markazi
“Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan, markaz hududida maxsus huquqiy rejimni yaratish, xususan, ro‘yxatga olish, litsenziyalash va tadbirkorlik tartib-taomillarini soddalashtirish, tijorat operatsiyalarini tartibga solishda xalqaro standartlarni qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, moslashuvchan soliq va bojxona rejimini joriy etish, jumladan 2100 yilgacha ayrim faoliyat turlari bo‘yicha soliqlardan ozod qilish, asbob-uskunalar, texnologiyalar va materiallarni olib kirishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish taklif etilyapti.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ko‘ra, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga asoslangan maxsus qonunchilik bilan birga Angliya va Uels umumiy huquqining elementlariga hamda yetakchi xalqaro moliya markazlarining standartlariga asoslangan normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Qonun loyihasida Markaz ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari: ro‘yxatga olish va boshqarish uchun yagona darcha tashkil etish, intellektual mulk va investitsiyalarni himoya qilish kafolatlarini joriy etish, davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida bir qator aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi hududida axborot xavfsizligini yanada kuchaytirish maqsadida bulutli texnologiyalardan foydalanishda ma’lumotlarning xavfsizligi, yaxlitligi, muhofazasi, ishonchliligi, shuningdek ma’lumotlarni qayta ishlash hamda ulardan foydalanish imkoniyati ta’minlanishi zaruriyati nazarda tutilmoqda.
Har ikkala qonun loyihasi qabul qilinib, ma’qullash uchun Senatga yuborildi.