Jamiyat
Davlat zaxirasidagi yerni va’da qilib, 600 ming dollar so‘ragan shaxs qo‘lga olindi
Buxoro viloyatining Peshku tumanida davlat zaxirasidagi, oltin va boshqa qimmatbaho metallarga ega bo‘lgan 290 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari yordamida auksion savdolari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgan shaxs fuqarodan yirik miqdorda pul talab qilgan. Tezkor tadbirda u oldindan 230 ming dollar va 840 mln so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan xususiy tadbirkor Buxoro viloyati Peshku tumani hududidagi davlat zaxirasida turgan, oltin va boshqa qimmatbaho metallarga ega bo‘lgan 290 gektar yer maydonini auksion savdolari orqali olib berishni va’da qilgan.
Uning aytishicha, mazkur masalani “mansabdor tanishlari” yordamida hal qilish mumkin bo‘lib, bunday xizmat evaziga Shofirkon tumanida istiqomat qiluvchi, 1983 yilda tug‘ilgan fuqarodan 600 ming AQSh dollari talab qilingan.
Tezkor tadbir davomida muqaddam firibgarlik jinoyati uchun bir necha marotaba sudlangan ushbu shaxs oldindan 230 ming AQSh dollari va 840 mln so‘m olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.