Jamiyat
Davlat xaridlari sun’iy intellekt asosida hisoblanadi
Davlat xaridlari tizimida raqobat va shaffoflik ta’minlanadi.
«Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi Prezident Farmoni (PF–259-son, 26.12.2025-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida davlat xaridi predmetining o‘rtacha bozor narxini sun’iy intellekt texnologiyalari asosida hisoblab beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.
2026-yil 1-yanvardan davlat xaridlarida raqobatli usul orqali ayrim turdagi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilishning «taklif so‘rovi» yangi tartib-taomili joriy etiladi.
2026-yil 1-yanvardan:
To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxati bekor qilinib, mazkur ro‘yxat bo‘yicha davlat xaridlari raqobatli usullardan foydalangan holda amalga oshiriladi;
– «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berish haqida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda davlat xaridi ijrochisining nomi aniq ko‘rsatiladi;
– davlat xaridlarida elektron do‘konga ofertalarni joylashtirish muddati 15 kundan 60 kungacha uzaytiriladi hamda tovarlarni yetkazib berish muddati kamida 5 kun etib belgilanadi;
– Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida xarid hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish muddatlari ularning qiymati va murakkabligidan kelib chiqib qisqartiriladi.