Iqtisodiyot
Davlat budjetining 2025 yildagi ijrosi. Defitsit – 39 trln so‘mgacha qisqardi
2025 yil O‘zbekistonda budjet taqchilligi YaIMga nisbatan 2,1 foiz yoki 39,4 trln so‘mni tashkil etdi. Hududlar kesimida eng katta defitsit Farg‘ona (4,39 trln so‘m), Andijon (3,56 trln so‘m) va Samarqand (3,41 trln so‘m) viloyatlarida qayd etildi. O‘tgan yilda ajratiladigan subsidiyalar miqdori 29 trln 352 mlrd so‘mni tashkil qildi. Shundan 11,3 trln so‘m energetika sohasiga, qariyb 4 trln so‘m maktabgacha ta’lim muassasalariga yo‘naltirilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 yildagi budjet ijrosi bo‘yicha ma’lumot berdi.
O‘tgan yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 502,6 trln so‘mni, xarajatlari esa 541,7 trln so‘mni tashkil etgan. Taqchillik – 39,1 trln so‘m yoki YaIMning 2,1 foizi. Taqqoslash uchun, 2024 yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 47,8 trln so‘m yoki YaIMning 3,3 foizini tashkil etgandi.
Hisobot davrida davlat budjeti daromadlari 359,8 trln so‘mni tashkil etib, oldingi yilga nisbatan 31,1 foizga o‘sgan. Daromadlar quyidagi manbalar hisobidan shakllangan:
bevosita soliqlar – 117,8 trln so‘m (+29,8 foiz);
bilvosita soliqlar – 109,6 trln so‘m (+24,1 foiz);
resurs va mol-mulk solig‘i – 44,9 trln so‘m (+23,6 foiz);
boshqa daromadlar – 87,5 trln so‘m.
2025 yilda davlat budjeti xarajatlari 383,9 trln so‘m bo‘lgan va 2024 yilga nisbatan 23,5 foizga oshgan. Budjet xarajatlarining iqtisodiy tasnif bo‘yicha ijrosi quyidagicha bo‘lgan:
ish haqi – 149,6 trln so‘m (+14,9 foiz);
ijtimoiy soliqlar – 29,8 trln so‘m (+16,9 foiz);
kapital qo‘yilmalar – 15,6 trln so‘m (+7,5 foiz);
boshqa xarajatlar – 188,9 trln so‘m (+34,3 foiz).
Mahalliy budjetlarning moliyaviy holati
O‘tgan yilda mahalliy budjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi salbiy farq 37,9 trln so‘mni tashkil etgan.
Hududlar kesimida eng katta defitsit Farg‘ona viloyatida qayd etilgan. Viloyatda mahalliy budjet daromadlari 6,38 trln so‘m, xarajatlari esa 10,77 trln so‘m, defitsit 4,39 trln so‘m bo‘lgan. Keyingi eng yomon ko‘rsatkichlar Andijon (taqchillik – 3,56 trln so‘m) va Samarqand (taqchillik – 3,41 trln so‘m) viloyatlarida kuzatilgan.
Eng kam taqchillik Navoiy (1,03 trln so‘m) va Toshkent (1,35 trln so‘m) viloyatlarida shakllangan.
Subsidiyalar
2025 yilda davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori 29 trln 352 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
Yanvar-dekabr oylarida subsidiya mablag‘larining katta qismi quyidagi maqsadlarda ishlatilgan:
ichki bozorda tabiiy gazni ulgurji sotib olish va sotish o‘rtasidagi zararlarni qoplash – 7 trln so‘m (-26,5 foiz);
maktabgacha ta’lim muassasalariga subsidiyalar – 3,95 trln so‘m (+18,2 foiz);
issiqlik ta’minoti korxonalari zararini qoplash xarajatlari – 3,5 trln so‘m (-9,7 foiz);
aholi tomonidan uy-joy sotib olish uchun subsidiyalar – 2,13 trln so‘m (+51,3 foiz);
avtobusda yo‘lovchilar tashish uchun subsidiyalar – 1,6 trln so‘m (+35,8 foiz);
metroda yo‘lovchilar tashish uchun subsidiyalar – 852 mlrd so‘m (+25,9 foiz);
geologiya-qidiruv ishlari uchun ajratilgan subsidiyalar – 820 mlrd so‘m (-4 foiz);
«Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJning mablag‘larini shakllantirish – 523 mlrd so‘m (-21,4 foiz);
Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar – 500 mlrd so‘m (-23,7 foiz);
Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga subsidiyalar – 420 mlrd so‘m (-40,7 foiz).
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 515,8 trln so‘m miqdorida, xarajatlar esa 567,7 trln so‘m etib tasdiqlangandi. Budjet taqchilligi 60,1 trln so‘mni tashkil etishi va YaIMning 3 foizidan oshmasligi kutilyapti.