Siyosat

Davlat arbobi Amin Tojiyev vafot etdi

Published

on


Taniqli davlat va jamoat arbobi, mehnat faxriysi Amin Hamroyevich Tojiyev 2026 yil 4 iyun kuni 79 yoshida vafot etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uning vafoti sabab hamdardlik bildirdi. 

Amin Tojiyev 1947 yil 12 aprelda To‘rtko‘l tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti (hozirgi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti)ni muhandis-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. 

Mehnat faoliyatini 1968 yil To‘rtko‘l tumanidagi Al-Xorazmiy nomidagi jamoa xo‘jaligining texnika xavfsizligi muhandisi sifatida boshladi. Keyinchalik To‘rtko‘l, Elikqal’a, Amudaryo tumanlarida rahbarlik lavozimlarida ishladi.

Katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan Amin Tojiyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, qishloq xo‘jaligi vaziri, O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi davlat agrosanoat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda fidokorona mehnat qildi.

Amin Tojiyev o‘zining 50 yildan ziyod mehnat faoliyati davomida Orolbo‘yi mintaqasidagi murakkab sharoitda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilma tarmoqlarini yaratish, aholining turmush darajasini yuksaltirish bo‘yicha ko‘plab ishlarni amalga oshirdi.

Xususan, suv tanqisligini bartaraf etish maqsadida «Tuyamo‘yin – Nukus – Taxtako‘pir» sug‘orish tarmog‘i va ko‘plab ijtimoiy va madaniy obyektlarni barpo etishda jonbozlik ko‘rsatdi.

U nafaqaga chiqqanidan keyin ham Qoraqalpog‘iston Respublikasi ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, ekologik muhitni yaxshilash, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borishga qaratilgan loyihalarni ro‘yobga chiqarish, keksa avlod manfaatlarini himoya qilish, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga o‘zining boy hayotiy bilim va tajribasini baxsh etdi.

Amin Tojiyevning mamlakatimizni taraqqiy ettirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U «El-yurt hurmati», «Do‘stlik» va «Mehnat shuhrati» ordenlari,«Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan mexanizator» faxriy unvoni bilan mukofotlangan edi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version