Iqtisodiyot
Davlat aktivlarini sotib olishda 25 foizgacha chegirma beriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida kichik tadbirkorlar uchun muhim masalalardan biri bo‘lgan garov ta’minotini yengillashtirish bo‘yicha yangi tizimni ma’lum qildi.
Biznesning haqiqiy qiymatini baholab, shu asosda kredit berish imkonini yaratadigan «kontr-kafolat» tizimi joriy etiladi. Bu tadbirkorlarning kredit olishdagi garov bilan bog‘liq muammolarini kamaytirishga qaratilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kreditlarda garovning 30 foizini davlat, yana 30 foizini Biznesni kafolatlash kompaniyasi va 15 foizini banklar o‘z zimmasiga oladi. Tadbirkorning o‘ziga esa 25 foiz garov topish kifoya qiladi.
Tadbirkorlar uchun «Virtual soliq maslahatchisi» orqali xarajatlar va xatolarni kamaytirishga yordam beradigan sun’iy intellekt portali ham ishga tushirildi. Kelasi yildan bunday sun’iy intellekt yordamchilari qurilish, mehnat munosabatlari, tashqi savdo va davlat xizmatlarida ham joriy etiladi.
Hududlarda bo‘sh yerlar va samarasiz foydalanilayotgan davlat aktivlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ham belgilandi. Davlat aktivini sotib olishda avans miqdori 30 foizdan 15 foizga tushiriladi.
Agar tadbirkor aktiv qiymatini olti oyda to‘liq to‘lasa, unga 25 foiz chegirma beriladi. To‘lovning yarmini amalga oshirgan tadbirkor qolgan summani yetti yil davomida foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi. Uch oy davomida sotilmagan davlat mulkining boshlang‘ich narxi bosqichma-bosqich 10 foizgacha pasaytiriladi.