Sport
Darvozabon ro‘zador futbolchilarni o‘ylab hiyla ishlatdi
«Nant» klubining portugaliyalik darvozaboni Antoni Lopesh ro‘za tutgan futbolchilar o‘yin payti og‘iz ochib olishlari uchun o‘zini jarohat olganga soldi, deb yozmoqda Ouest-France va Give Me Sport nashrlari.
Voqea Fransiya chempionatida «Gavr»ga qarshi o‘yinda sodir bo‘ldi. Quyosh botganidan so‘ng, o‘yinning 74-daqiqasida Lopesh maydonga yiqilib, sonidagi og‘riqdan shikoyat qilgan. Qoidaga ko‘ra, darvozabonlarga tibbiy yordam bevosita maydonning o‘zida ko‘rsatilgani sababli, shifokorlar uni bir necha daqiqa davomida ko‘rikdan o‘tkazishdi.
Fursatdan foydalangan ro‘zador futbolchilar og‘iz ochib, suv ichib olish uchun zaxira o‘rindiqlari tomon yo‘l olishdi.
Lopesh o‘yinni davom ettirdi. Uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarning jarohat haqidagi savollariga u shunchaki kulib qo‘ydi. Ouest-France yozishicha, posbon ozgina tanaffus qilish uchun ayyorlik qilgan bo‘lishi mumkin.
Angliya va Germaniya ligalaridan farqli o‘laroq, Fransiya chempionatida diniy sabablarga ko‘ra o‘yinda tanaffus e’lon qilinishiga ruxsat berilmaydi.
«Gavr»ga qarshi o‘yinda «Nant» 2:0 hisobida g‘alaba qozongan.