Jamiyat

Chorvoq suv omboriga oqova suv quyilayotgani rad etildi

Published

on


Chorvoq suv omboriga cho‘yan quvur orqali oqova suvlar oqizilayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. O‘rganishlar davomida quvurdagi suv tarkibidan ifloslantiruvchi moddalar aniqlanmadi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv omboriga oqova suv quyilayotgani aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan holat vazirlik, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamda manfaatdor idoralar mutasaddilari ishtirokida joyiga chiqib o‘rganilgan.

O‘rganish natijasida Bo‘stonliq tumani «Navobod» MFY hududida joylashgan Chorvoq suv omborining «tomosha qilish maydonchasi»dan ko‘rinib turgan d-600 millimetrli cho‘yan quvurdan bog‘dorchilik fermer xo‘jaligining sug‘orish maqsadida ishlatadigan suvlari oqayotgani hamda uning yonida ichida elektr kabellari o‘tgan polipropilen quvurlar (d-76 mm va d-100 mm) ekani aniqlangan.

O‘rganish davomida quvurdan oqayotgan suvlardan tahlil namunalari olingan. Dastlabki suv namunalari asosida olingan kimyoviy tahlillar natijasida suv tarkibida ifloslantiruvchi moddalar aniqlanmagan.

Ushbu hududda markazlashgan oqova suvlarni qabul qilib olish uchun «Chimgan Chorbog‘ magistral suv tarmog‘i» AJga qarashli d-800 millimetr bo‘lgan «Baqachol» oqova suv kollektor mavjud bo‘lib, ushbu kollektor Chirchiq oqova suv tozalash inshootiga borib quyiladi. Chorvoq suv ombori atrofidagi 550 nafar I-guruh (aholi) iste’molchilari hamda 4 nafar II-guruh (budjet) va 38 nafar III-guruh (budjetdan tashqari yuridik shaxslar) iste’molchilarining oqova suvlari mazkur oqova suv tarmog‘iga shartnoma asosida tashlab kelinadi.

«Suv ombori sathi perimetr bo‘ylab chiqilganda suv omboriga oqova suvlar oqizilmayotgani, shuningdek, suv omboriga quyiladigan barcha suv yo‘llariga oqova suvlar tashlanish holati aniqlanmadi.

Suv omboridagi gidrotexnika inshootlari xavfsizligiga va texnik holatiga ta’sir etuvchi omillar mavjud emas. Ya’ni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining Chorvoq suv omboriga oqova suvlar quyilayotgani to‘g‘risidagi xabar o‘z tasdig‘ini topmadi», – deyiladi munosabatda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version