Jamiyat
Chorsu bozoridagi do‘konda yong‘in sodir bo‘ldi
Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi Chorsu bozorida do‘kon yonayotgani haqida xabar tushgan. FVBBga ko‘ra, yong‘in qisqa vaqt ichida bartaraf etilgan, tan-jarohati olganlar yo‘q.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 26 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Chorsu bozorida yong‘in bo‘layotganligi aytilmoqda» sarlavhasi ostida tarqalgan xabarlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 26 yanvar kuni soat 16:04 da Shayxontohur tumani, Beruniy ko‘chasida joylashgan Chorsu bozorida do‘kon yonayotgani haqida xabar kelib tushgan. Qutqaruv ekipajlari voqea joyiga soat 16:08 da yetib borgan.
Xabarga ko‘ra, yong‘in soat 16:20 da qurshab olingan va soat 16:25 da to‘liq o‘chirilgan. Yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Qayd etilishicha, yong‘in natijasida do‘kon yerto‘lasining taxminan 15 kv metr qismi yonib zararlangan.