Jamiyat
Chirchiqdagi kanalda hushsiz holatdagi fuqaro qutqarildi
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari kanal suvida oqib ketayotgan fuqaroni qutqarib qoldi. Hushsiz holatda bo‘lgan shaxsga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi va uning hayoti saqlab qolindi.
Foto: FVV / Videodan kadr
FVV ma’lumotiga ko‘ra, voqea kecha soat 13:00 atrofida Chirchiq shahridagi “Sharq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanalida sodir bo‘lgan.
Kanal qirg‘oqlarida profilaktik o‘rganish ishlarini olib borayotgan qutqaruvchilar suv oqimida harakatsiz holda oqib ketayotgan fuqaroni payqab qolgan. Shundan so‘ng ular zudlik bilan suvga sho‘ng‘ib, fuqaroni qirg‘oqqa olib chiqqan.
Hushsiz holatda bo‘lgan fuqaroga qutqaruvchilar tomonidan voqea joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ma’lum qilinishicha, hozirda uning ahvoli yaxshi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro ehtiyotsizlik oqibatida kanalga tushib ketgan. Suzishni bilmagani sababli esa kuchli suv oqimi uni olib ketgan.
FVV fuqarolarni suv havzalari va kanallar atrofida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.