Jamiyat
Chexiyada og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqaro vatanga qaytarildi
Chexiyaga ishlash maqsadida kelgan, ammo ayrim huquqiy va moliyaviy muammolar sabab mushkul ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi diplomatik vakolatxona ko‘magida vatanga qaytarildi.
“Dunyo” axborot agentligi xabar berishicha, vatandosh Chexiyaga mehnat qilish maqsadida kelgach, xorijga chiqish pasportini o‘g‘irlatib qo‘ygan. Natijada ishlash uchun zarur hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtira olmagan va noqonuniy maqomga tushib qolgan.
Ma’lum vaqt shu tarzda yashab va ishlab kelgan fuqaro O‘zbekistonga qaytish payti kelganda yangi hujjatni qayerdan olish va vatanga qanday tartibda qaytishni bilmagani sababli og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan.
Shundan so‘ng, u mazkur muammosini hal etish maqsadida O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga yordam so‘rab murojaat qilgan.
Diplomatik vakolatxona tomonidan mazkur holat yuzasidan zarur choralar ko‘rilib, Praga shahridagi Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda fuqaroga amaliy va huquqiy yordam ko‘rsatildi. Unga vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilib, 2026 yil 3 mart kuni O‘zbekistonga qaytishiga ko‘maklashildi.
Qayd etilishicha, elchixona xodimlarining o‘z vaqtida ko‘rsatgan yordami va migratsiya tashkiloti bilan samarali hamkorlik xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ekanini yana bir bor namoyon etdi.