Iqtisodiyot
Chet el valutasida obligatsiya chiqarishga ruxsat berildi
Adliya vazirligi Kapital bozori sohasidagi «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi doirasida chet el valutasida ifodalangan obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirish to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Hujjatga ko‘ra, chet el valutasida ifodalangan obligatsiyalar – nominal qiymati va daromadi chet el valutasida ifodalangan obligatsiya egasining obligatsiyaning nominal qiymatini va emissiya risolasida nazarda tutilgan daromadni olish huquqini tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog‘oz hisoblanadi.
O‘zbekiston rezidenti va «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi bo‘lgan hamda yillik moliyaviy hisobot bo‘yicha mustaqil auditorlik tashkilotining ijobiy xulosasiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar chet el valutasidagi obligatsiyalarni chiqarishi mumkin.
Bunda, 1 ta emitent tomonidan valuta obligatsiyalari chiqarilishlarining umumiy summasi 50 mln AQSh dollari ekvivalentidan oshmasligi zarur.
Valuta obligatsiyalari ta’minlangan yoki ta’minlanmagan holda chiqarilishi mumkin.
Valuta obligatsiyalarini ta’minotsiz chiqarishga ularni chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadagi emitentning o‘z kapitali miqdori doirasida yo‘l qo‘yiladi. Emitentning o‘z kapitali miqdoridan oshib ketgan taqdirda, emitent valuta obligatsiyalarini ta’minotsiz chiqarish uchun oshib ketgan summa miqdoriga ta’minot taqdim etishi shart.
Valuta obligatsiyalarini chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi, shuningdek valuta obligatsiyalarining daromadlarini to‘lash va so‘ndirish ustidan nazorat Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi.