Jamiyat
Buxorodagi mudhish yong‘inning tafsilotlari oshkor bo‘ldi
Joriy yilning 16-may kuni Buxoro shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida yuzaga kelgan yong‘in ko‘p sonli aholining sarosimasiga sabab bo‘ldi.
— Olov tomdan ko‘tarilganini ko‘rib, hamma hovliga tushib ketdi. Hammayoqni qora tutunning achchiq hidi qoplagan. Eng qo‘rqqanimiz, uy ichida birorta odam qolib ketmaganmikin, degan xavotir bo‘ldi. Bolalar yig‘isi, ota-onalar xavotiri, keksalaru qo‘ni-qo‘shnilarning bir-birini qo‘rquv ichida chaqirgan baqir-chaqirlari… qutqaruvchilar yetib kelgachgina, ancha xotirjam bo‘ldik, — deydi fuqarolardan biri.
Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, yong‘in Buxoro shahridagi Shirbudin mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birining tom qismida sodir bo‘lgan. Yong‘in haqidagi xabar soat 15:57 da «112» tizimi orqali kelib tushgan.
Guvohlarning ta’kidlashicha, ekipajlar voqea joyiga juda qisqa vaqt ichida yetib kelib, yong‘inni professional tarzda cheklagan va bir vaqtning o‘zida aholini xavfsiz hududga evakuatsiya qilgan.
Yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 17:25 da yong‘inni to‘liq bartaraf etgan.
— Agar ular kechikkanda, olov qo‘shni xonalarga ham o‘tishi mumkin edi, — deydi mahallada yashovchilardan biri.
Boshqarmaning axborot xizmati rahbari hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmaganini bildirmoqda. Ayni paytda yong‘in sababi va yetkazilgan zarar o‘rganilmoqda.