Jamiyat
Buxorodagi Ko‘kaldosh madrasasida kuzatilgan holat bo‘yicha izoh berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroning tarixiy qismi – Labi Hovuz hududida joylashgan Ko‘kaldosh madrasasida bir guruh shaxslar tomonidan devor g‘ishtlari ko‘chirilayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Foto: Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi
Ma’lum qilinishicha, XVI asrning ikkinchi yarmida bunyod etilgan mazkur madrasa Buxoroning qadimiy va noyob me’moriy obidalaridan biri sanaladi. Qariyb besh asr davomida bu yerda talabalar tahsil olgan va istiqomat qilgan. XX asr boshlaridan esa ta’lim jarayoni to‘xtatilib, bino muzey sifatida foydalanila boshlangan.
Mutasaddilarga ko‘ra, vaqt o‘tishi, tabiiy omillar hamda texnogen jarayonlar ta’siri natijasida obidaning shimoliy devorlarida jiddiy yoriqlar va yemirilishlar paydo bo‘lib, ayrim qismlari avariya holatiga kelib qolgan. Mazkur hudud mahalliy aholi va sayyohlar ko‘p harakatlanadigan joyda joylashgani bois xavfsizlik choralarini ko‘rish zarurati tug‘ilgan.
Shu sababli hozirda Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mutaxassislari ishtirokida avariya holatidagi qismlarda restavratsiya va qayta tiklash ishlari olib borilmoqda. Idora vakillariga ko‘ra, jarayon obidaning tarixiy qiyofasini saqlagan holda amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Buxoroning eski shahar hududi xalqaro miqyosda muhofaza qilinadigan tarixiy maskan bo‘lib, u YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. U hajmi va ko‘lami jihatidan nafaqat Buxoro, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik madrasa inshooti ekani aytiladi.
Madaniy meros boshqarmasi restavratsiya jarayonlari yuzasidan qo‘shimcha savollar bo‘yicha fuqarolarni rasmiy tartibda murojaat qilishga chaqirdi.