Jamiyat
Buxoroda qidiruvda bo‘lgan 156 ta avtotransport topildi
Buxoroda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan turli qarzdorliklari tufayli qidiruvda bo‘lgan 156 ta avtotransport vositasi topildi.
Bu haqda «Xabar.uz»ga byuroning Buxoro viloyat boshqarmasi katta inspektori Ilhom Ne’matov ma’lum qildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlaro sudi ijro varaqasiga ko‘ra, buxorolik qarzdor fuqaro R.D.dan undiruvchi «Biznes finans mikromoliya tashkiloti» MChJ foydasiga 261.330.833 so‘m qarz hisobi «Hyndai elantra» rusumli avtotransport vositasiga qaratilgan.
Qarzdorga ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lishiga qaramay, qarzdorlik bartaraf qilinmagan. Shundan so‘ng majburiy ijro harakatlariga kirishilib, avtomashinaga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Avtomashina topilib, vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Va avtomashina realizatsiya qilish uchun 262.500.000 so‘m boshlang‘ich narx bilan elektron-onlayn auksion savdolariga chiqarilgan.
— Bunday misollar juda ko‘p. Avtomashinalar sotuvidan tushgan mablag‘lar kredit qarzdorlik va boshqa xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi. Joriy yilning shu davriga qadar «yashirin» saqlangan va tegishli tarzda qidiruvda bo‘lgan va topilgan 156 ta avtotransport vositalarining 84 tasi 9 mlrd. 154 mln. so‘m boshlang‘ich narx bilan auksion savdolariga chiqarildi. Shundan 18 tasi 3 mlrd. 414 mln. so‘mga sotildi. Auksion savdolaridan tushgan mablag‘lar esa qarzdorliklarni qoplashga yo‘naltirilmoqda,—deydi Ilhom Ne’matov.