Jamiyat
Buxoroda mushkul vaziyatga tushgan chet ellik ayol bo‘yicha ma’lumot berildi
Kogon shahrida tungi vaqtda chet ellik sayyohning yo‘qolgan qimmat buyumlari topilib, egasiga qaytarildi. Bu haqda «Xabar.uz» nashriga Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayev ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, bir necha kun ilgari tungi soat birlar atrofida Tailanddan Buxoroga kelgan sayyoh ayol Kogondan Buxoro shahridagi mehmonxonaga yetib kelgach, barcha muhim hujjatlari, naqd pullari va shaxsiy buyumlari joylangan yashil rangli chemodani yo‘qolganini bilgan. Yot mamlakatda, til va yo‘lni yaxshi bilmagan holda bunday vaziyatga tushish har qanday sayyohni jiddiy sarosimaga solishi, tabiiy.
Xabar kelib tushishi bilan Kogon shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borishgan. Tungi vaqt bo‘lishiga qaramay, ular shahar ko‘chalari bo‘ylab tezkor qidiruv ishlarini tashkil etishgan. Zamonaviy kuzatuv kameralari imkoniyatlaridan keng foydalanilgan va olib borilgan sa’yi-harakatlar natijasida yo‘qolgan yuk topilgan.
Kogon shahar IIB boshlig‘i o‘rinbosari Muhiddin Aslonovning so‘ziga ko‘ra, topilgan chemodan ichidagi barcha hujjatlar, katta miqdordagi pul mablag‘lari va sayyohning sog‘ligi uchun muhim bo‘lgan dori vositalari to‘liq va daxlsiz holda o‘z egasiga qaytarilgan.
Sayyoh ayol huquq-tartibot xodimlariga minnatdorlik bildirib, ularning tezkorligi va insonparvarligini alohida ta’kidlagan. U o‘z quvonchini xodimlarni bag‘riga bosib, izhor qilgan.
Mazkur voqea huquq-tartibot tizimi xodimlarining mas’uliyati, shuningdek, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikning amaliy ifodasi sifatida ham e’tirof etiladi.