Jamiyat
Buvisi muntazam tazyiq o‘tkazib kelgan 3 nafar bola Turkiyadan vatanga qaytarildi
9, 10 va 12 yoshli bolalar O‘zbekistondagi majburiy ta’lim jarayonidan ajratilib, Turkiyaga olib borilgan. Biroq u yerda biror ta’lim muassasasiga joylashtirilmagan. Bolalarning ota-onasi rasman ajrashgani, onasi Rossiyada yashashi aniqlandi.
3 nafar voyaga yetmagan bola Turkiyadan O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 9, 10 va 12 yoshli bolalarga ularning buvisi tomonidan muntazam ravishda jismoniy, ruhiy hamda ma’naviy tazyiq o‘tkazib kelingan. Shuningdek, ular O‘zbekistondagi majburiy ta’lim jarayonidan ajratilib, Turkiyaga olib borilgan. Biroq u yerda biror ta’lim muassasasiga joylashtirilmagan.
O‘rganishlar davomida bolalarning ota-onasi rasman ajrashgani, onasi Rossiyada yashashi aniqlangan.
Holat yuzasidan bolalar Bosh konsulxonaga olib kelinib, ular bilan psixolog ishtirokida suhbat o‘tkazilgan. Shuningdek, O‘zbekistonning tegishli mutasaddi idoralari o‘rtasida ishchi guruh tashkil etilib, voyaga yetmaganlarga vaqtincha vasiy tayinlash, ularni vatanga qaytarish hamda ta’lim jarayoniga qayta jalb etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.
25 may kuni bolalar mas’ul xodim kuzatuvi ostida O‘zbekistonga qaytarilgan.
Qayd etilishicha, hozirda bolalarni tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan kutib olish hamda ularning ijtimoiy himoyasi, ta’lim olishi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.
Avvalroq murakkab vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonlik ayol va uning uch farzandi Rossiyadan olib kelingandi.