Jamiyat
Buryatiyada saqlanayotgan 8 nafar o‘zbekistonlikni vatanga qaytarish masalasi muhokama qilindi
O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Ulan-Ude shahridagi Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida bo‘lib, u yerda ushlab turilgan fuqarolarning holatini o‘rgandi va ularni tezroq qaytarish imkoniyatlarini muhokama qildi.
O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiyaning Ulan-Ude shahrida Ichki ishlar vazirligining Buryatiya Respublikasi bo‘yicha Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida bo‘lib turgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Ayni paytda ushbu markazda 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib turibdi. Mazkur muassasa rahbariyati bilan o‘tkazilgan muloqotda yurtdoshlarimizning yashash sharoiti, ta’minoti, ovqatlanishi, ularni vatanga tezroq qaytarish imkoniyatlari muhokama qilinib, fuqarolar joylashgan binolar ko‘zdan kechirildi.
Har bir O‘zbekiston fuqarosi bilan alohida suhbatlar davomida ularning iltimos va istaklari tinglandi, Buryatiya Respublikasi hududidagi huquqbuzarliklarning xususiyatlariga oid barcha ma’lumotlar batafsil yozib olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolarning aksariyati mehnat shartnomalari va patentlarini rasmiylashtirish, Buryatiyada mehnat faoliyatini amalga oshirish muddatlarini buzgani, Rossiya hududida qonuniy bo‘lish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish tartibiga rioya qilmagani sababli maxsus markazda qolmoqda.
Ayni paytda Bosh konsulxona tomonidan mazkur muassasada bo‘lib turgan ikki nafar o‘zbekistonlik ayolni imkon qadar tezroq vatanga qaytarish masalasi hal etilmoqda. Mamlakatning qolgan olti nafar fuqarosi ham bir necha kun ichida ortga qaytariladi.