Jamiyat
«Bunyodkor» stadioni ishchilarining oyligi undirib berildi
Kun.uz «Bunyodkor» stadioni ishchilariga o‘tgan yilning dekabr oyidan beri pul berilmayotgani haqida surishtiruv e’lon qilgan edi. Davlat mehnat inspeksiyasi stadion xodimlariga shu paytgacha to‘lanmagan oyliklari to‘liq undirib berilgani haqida xabar berdi. Xususan, direksiyaning 49 nafar ishchisiga jami 867 mln so‘mlik ish haqi to‘lab berilgan.
«Bunyodkor» stadioni direksiyasining bir guruh xodimlari oyliklari 2025 yilning dekabr oyidan buyon kechikayotgani sababli og‘ir iqtisodiy ahvolda qolganidan shikoyat qilib, Kun.uz’ga murojaat qilgandi. Davlat mehnat inspeksiyasi stadion ishchilariga shu paytgacha to‘lanmagan oyliklari to‘liq undirib berilgani haqida xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, «Bunyodkor» stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direksiyasi» korxonasining 49 nafar xodimiga jami 867 mln so‘mlik ish haqi undirib berilgan.
Hozirda xodimlar oldida ish haqi bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi qayd etilgan. O‘z navbatida xodimlarga qaysi manbadan maoshlar to‘lab berilgani ochiqlanmagan.
Oyliklar kechikishiga nima sabab bo‘lgandi?
Shu paytgacha «Bunyodkor» direksiyasi xodimlarini moliyalashtirish 2018 yildagi prezident qarori asosida «O‘zbekneftgaz» tomonidan amalga oshirilgan. Ammo joriy yildan boshlab vaziyat birdan o‘zgardi. Gaz qazib olish ko‘rsatkichlarining muttasil kamayib borayotgani va qator tizimli muammolar fonida «O‘zbekneftgaz» 2026 yil 1 yanvardan «Nasaf», «Buxoro» va «Bunyodkor» klublariga pul ajratishni to‘xtatdi. Kompaniya sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish, homiylik to‘lovlari hamda xarajatlarni maqbullashtirishini e’lon qildi. O‘z navbatida Superliga klublarining har biriga davlat budjetidan 2026 yilda 35 mlrd so‘mdan, 2027 yilda 30 mlrd so‘mdan, 2028 yilda esa 25 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Ya’ni shu paytgacha «O‘zbekneftgaz» qaramog‘ida bo‘lgan «Nasaf», «Buxoro» va «Bunyodkor» klublariga muqobil manbalardan pul berilyapti, ammo «Bunyodkor» direksiyasini moliyalashtirish haligacha noaniq bo‘lib qolyapti. Bu esa yuzlab ishchilarning oyliksiz qolib ketishiga sabab bo‘ldi.