Mahalliy

Bugun Xalqaro yozuvchilar kuni: bizda nishonlanadimi?

Published

on


Yurtimizda barcha kasb egalarining bayramlari – o‘qituvchilar, jurnalistlar, quruvchilar, shifokorlar mehnati ulug‘lanadigan kunlar bor. Masalan, uzoqqa bormaylik 1 aprel hazil kuni ham keng nishonlanadi: turli tadbirlar, televideniyeda kulguga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar, qiziqchilar bilan uchrashuvlar… Lekin 3 mart kuni ana shu barcha kasb egalari haqida kitob yozadigan, zamonni qog‘ozga muhrlaydigan, tarixni jimgina hujjatga aylantiradigan so‘z zargarlari kuni ekanini bilasizmi?

So‘z umid, tasalli beradi, tarixni muhrlaydi, kerak bo‘lsa tarbiya, jazo ham bo‘ladi. Asrlar davomida yozuvchilar va shoirlar o‘z davrining og‘rig‘ini, quvonchini, savollarini qog‘ozga tushirgan. Shu bois biz bugun antik mutafakkirlarning qo‘lyozmalarini o‘qiy olamiz, o‘tmishga sayohat qilamiz, o‘tgan asrning nafasini his etamiz.

Bu bayramning tarixi ham so‘z erkinligi bilan bog‘liq. XX asr boshlarida ingliz yozuvchisi Ketrin Douson adabiyot va jurnalistikada haqiqatni himoya qiladigan xalqaro klub tuzish g‘oyasini ilgari surdi. Shu tariqa PEN klubi tashkil etildi – nomi inglizcha poets (shoirlar), essayists (essenavislar), novelists (romannavislar) so‘zlarining bosh harflaridan olingan. 1921-yildan boshlab klubga Jon Golsuorsi rahbarlik qildi. Oradan 65 yil o‘tib, 1986-yil Nyu-Yorkda o‘tkazilgan tashkilotning 48-xalqaro kongressida 3 mart sanasi «Butunjahon yozuvchilar kuni» deb e’lon qilindi.

PEN klub – xalqaro yozuvchilar birlashmasi bo‘lib, uning Xartiyasida qayd etilganidek, u «har bir mamlakat ichida va barcha davlatlar o‘rtasida axborot erkinligi tamoyillarini himoya qiladi». A’zolar o‘zlari mansub bo‘lgan jamiyatlarda va imkoni boricha butun dunyoda so‘z erkinligini bostirishning har qanday shakliga qarshi chiqish majburiyatini oladi.
PEN klub tinchlik davrida senzuraning ixtiyoriy va asossiz qo‘llanilishiga qarshi turadi, matbuot erkinligini himoya qiladi. Tashkilot fikricha, insoniyatning siyosiy va iqtisodiy jihatdan yuksakroq tizimlarga intilishi erkin tanqidsiz amalga oshmaydi. Hukumat, boshqaruv organlari va siyosiy institutlarni erkin tanqid qilish taraqqiyot shartlaridan biri.

Shu bilan birga, erkinlik o‘z-o‘zini tiyishni ham talab qiladi. Shu sabab PEN klub a’zolari erkin matbuotning salbiy jihatlari – yolg‘on axborot, ataylab soxtalashtirish, faktlarni buzib ko‘rsatish yoki ularni siyosiy, guruhiy yoki shaxsiy manfaatlar yo‘lida biryoqlama talqin qilishga qarshi chiqishni o‘z zimmasiga oladi. Qarang, yozuvchilarning ishi faqat kitob yozish emas, balki taraqqiyot uchun o‘z so‘zi, aralashuvi bilan hissa qo‘shish ham ekan. Endilikda 100 dan ortiq mamlakatda 130 dan ortiq PEN markazlari faoliyat yuritadi. Butunjahon yozuvchilar kuni ko‘plab mamlakatlarda nishonlanadi. Ko‘pincha bu sanaga turli adabiy mukofotlarni topshirish marosimlari, mashhur adabiyot namoyandalarini taqdirlash, ommaviy mutolaalar, ijodiy uchrashuvlar, yangi kitoblar taqdimoti va boshlovchi yozuvchilar uchun mahorat darslari bag‘ishlanadi. Shuningdek, muallif va publitsistlar yig‘ini, seminarlar o‘tkazilib, yozuvchilik mehnati va adabiyotning yangi yo‘nalishlari muhokama qilinadi.

Masalan, uzoqqa bormaylik Rossiyada bu kun nisbatan yaqin yillardan beri nishonlanib kelinadi va u ko‘proq kasbiy bayram sifatida qabul qilinadi. Odatda sana tantanali va mazmunli tadbirlar bilan o‘tadi. Adabiy kechalar, konsertlar, seminarlar, anjumanlar, yozuvchi va publitsistlar yig‘ini tashkil etiladi. So‘z ustalari bir joyga jam bo‘lib, faqat tabrik eshitish bilan cheklanmaydi – adabiyotning buguni va ertasi haqida jiddiy suhbatlar qiladi.
An’anaga ko‘ra, shu kunda turli mukofot va adabiy sovrinlar topshiriladi. Konferensiyalarda yangi adabiy yo‘nalishlar muhokama etiladi, asarlarning kuchli va zaif jihatlari tahlil qilinadi. Ijodiy ko‘rgazmalar, tanlovlar o‘tkazilib, muayyan yo‘nalishda eng yaxshi deb topilgan mualliflar e’tirof etiladi.

Yozuvchilar kitobxonlar bilan uchrashadi, tajribasi bilan o‘rtoqlashadi, yangi nashrlar taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Ommaviy axborot vositalarida adabiyotga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar efirga uzatiladi. Maktablarda ochiq darslar tashkil etiladi, muzeylarda adabiy ko‘rgazmalar va taqdimotlar o‘tkaziladi.

Xo‘sh, bu kun bizda qanday nishonlanadi? Ochig‘ini aytsam, deyarli bu kunning nishonlanishi bilan bog‘liq tadbirlar haqidagi ma’lumotlarni izlab topa olmadim. Boshqa mamlakatlardagidek, bugun kutubxonalarda, maktablarda har xil tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmas ekan.

2023-yil noyabrida Kvanjuda o‘tgan koreys tilli ijodkorlarning 9-xalqaro kongressiga taklif etilgan, dunyoning 70 davlatidan 500 nafar adib jamlangan yig‘inda o‘zbek adabiyoti haqida ma’ruza qilgan yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iqtidorli jurnalist va yozuvchi Fozil Farhodning aytishicha, Koreyada PEN markazi faoliyati juda kuchli. Adiblar birlashgan, xalqaro aloqalar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Nobelga nomzod ko‘rsatish jarayonlarida ham shu markazlar faol ishtirok etadi.

– Koreyadagi olti kunlik tajriba shuni ko‘rsatdiki, adabiyotni yuzaga chiqaruvchi jarayon turli mukofotlar emas, balki uning atrofida birlashgan muhitdir, – deydi u bugungi kun haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlasharkan. – Bizda esa PEN markazi yo‘q, shu bois Butunjahon yozuvchilar kuni deyarli nishonlanmaydi. Balki bir-ikki xabar tarqalar, xolos. Bugun ham katta bayram emas, Yozuvchilar uyushmasida she’riyat kengashining yillik hisobot yig‘ilishini o‘tkazayapmiz. Agar xalqaro maydonga chiqishni istasak, avvalo shu yo‘llarni ochishimiz kerak. Yurtimizda Nobelga munosib adiblar bor, deb o‘ylayman. Lekin ularni dunyoga olib chiqadigan ko‘priklar kerak. Koreyada 500 nafar ijodkorni bir joyga jamlash oddiy ish emas. Bu adabiyotga munosabat. Bizda esa 3 mart sanasi deyarli nishonlanmaydi…

Darhaqiqat, keling, o‘sha ko‘priklarni bugundan, o‘zimizdan boshlab quraylik. Biz bugundan yozuvchilar kunini nishonlashni boshlashimiz, 3 mart kuni kimni va qanday tabriklash kerakligi haqida o‘ylashimiz mumkin. Buni bizga hech kim taqiqlamaydi. 3 mart sanasini an’anaviy ravishda nishonlashni boshlash orqali biz nafaqat adabiyotga, balki o‘zligimizga bo‘lgan munosabatni o‘zgartiramiz. Balki bugungi kichik tabriklarimiz, e’tiborimiz va sovg‘alarimiz kelajakda yurtimizda yangi adabiy muhitning shakllanishiga, xalqaro PEN markazlarining ochilishiga va o‘zbek ijodkorlarining dunyo minbarlarida baralla so‘z aytishiga turtki bo‘lar.

Yozuvchi deganda faqat kitoblari minglab nusxada chop etilgan mashhur adibni tushunish shart emas. Qalam tutgan, so‘z bilan ishlaydigan har qanday inson – yangi boshlagan muallif ham, she’r yozayotgan talaba ham o‘zini bu bayramga daxldor deb his qilishi mumkin.

So‘z ixlosmandlarini tabriklashning eng chiroyli yo‘li, balki ularga bag‘ishlab she’r yozishdir, balki klassik yo‘l kitob sovg‘a qilish ham mumkin. Kitob barcha zamonlarning eng munosib tuhfasi.
Butunjahon yozuvchilar kunini nishonlash uchun qimmatbaho restoran yoki rasmiy minbarlar ham shart emas. Ba’zan ijodkor uchun eng katta sovg‘a uning mehnati qadrlanishini his qilishdir. Agar siz ijod ahliga yaqin bo‘lsangiz, quyidagi kichik, ammo ma’noli qadamlarni tashlashingiz, ya’ni sevimli muallifingizning asaridan bir parchani ijtimoiy tarmoqlarda ulashishingiz va uni belgilab tashakkur aytishingiz mumkin.

Agar biror tanishingiz ijod bilan shug‘ullansa, unga shovqindan xoli, shinamgina qahvaxonada bir soatlik «ijodiy tanaffus» sovg‘a qiling.
Yangi boshlagan yosh qalamkashning ilk mashqlarini tinglang. Tanqid emas, «Senda iste’dod bor, to‘xtama!» degan bir og‘iz so‘z ba’zan eng katta mukofotdan ham kuchliroq ta’sir qiladi.

Butunjahon yozuvchilar kuni nafaqat mashhur adiblarni, balki qo‘liga qalam tutib, dunyoni yaxshiroq qilishga intilayotgan har bir insonni qo‘llab-quvvatlash uchun imkoniyatdir. Biz bugun 3 martni bayram sifatida qabul qilsak, ertaga jamiyatimizda So‘zning qadri baland bo‘ladi.

Barno Sultonova



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version