Mahalliy
Bugun tushlik qildingizmi?
Zamonaviy ilmiy tadqiqotlarda faqat nima yeyish emas, balki qachon yeyish ham salomatlik uchun juda muhim ekani ta’kidlanmoqda. Oxirgi yillarda AQSh va Yevropa olimlari tushlikni vaqtida qilish inson organizmi uchun katta ahamiyatga ega ekanini aniqlashdi.
1. Energiyani tiklaydi va ish qobiliyatini oshiradi
Tushlik kunning o‘rtasida organizmga yangi energiya beradi. Uzoq vaqt och yurish esa charchoq, asabiylik va diqqat pasayishiga olib keladi. Olimlar kun davomida muntazam ovqatlanish ish unumdorligini yaxshilashini qayd etmoqda.
2. Miya faoliyati va diqqatni kuchaytiradi
Tushlik qilmagan odamlarda tushdan keyin diqqat tarqoqligi, qaror qabul qilishda qiyinchilik va xotira pasayishi ko‘proq kuzatiladi. Miya glyukozaga muhtoj bo‘lgani uchun tushlik uni qo‘llab-quvvatlaydi.
3. Vazn tashlashga yordam beradi
2024 yilda olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, kaloriyali taomlarni aynan tushlik vaqtida qabul qilish va ovqatlanish vaqtiga e’tibor berish vazn kamayishiga yordam berishi mumkin. Bu degani tushlikni o‘tkazib yuborish emas, balki uni to‘g‘ri vaqtda qilish muhim.
4. Qondagi shakar miqdorini barqaror ushlaydi
Tushlikni o‘tkazib yuborish ba’zi odamlarda kechqurun haddan tashqari ko‘p ovqat yeb qo‘yishga sabab bo‘ladi. Bu esa qonda shakar keskin ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Muntazam tushlik metabolizmni barqarorlashtirishga yordam beradi.
5. Kechki ovqatni me’yordan ortiq yeyishni kamaytiradi
Tushlik qilmagan inson kechqurun qattiq och qoladi va ko‘proq kaloriya iste’mol qiladi. Ilmiy kuzatuvlarda bu holat vazn ortishiga olib kelishi aniqlangan.
6. Asab tizimiga ijobiy ta’sir qiladi
Ochlik gormonlari stressni kuchaytirishi mumkin. Vaqtida tushlik qilish esa kayfiyatni barqaror ushlab turishga yordam beradi.
Mutaxassislar tushlikda oqsilga boy mahsulotlar, jumladan, tovuq, baliq, tuxum, loviya, murakkab uglevodlardan grechka, guruch, qora non, sabzavotlar, foydali yog‘lardan zaytun yog‘i, yong‘oq iste’mol qilishni tavsiya qilishmoqda.
Shuni yodingizda tutingki, tushlik qilish — shunchaki qorin to‘ydirish emas. Bu energiya, miya faoliyati, vazn nazorati va metabolizm uchun nihoyatda muhim odat. Zamonaviy xorijiy tadqiqotlar tushlikni o‘tkazib yuborish o‘rniga, uni to‘g‘ri vaqtda va muvozanatli qilishni tavsiya qilishmoqda.