Mahalliy

Bugun — Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni: sayyora bizdan nimani kutyapti?

Published

on


Ongli iste’mol nima? Ongli iste’molning tabiatga qanday aloqasi bor? Ko‘pincha ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish deganda ko‘z oldimizga katta zavodlar tutuni, Orol fojiasi yoki global muammolar keladi. Biz “men oddiy bir odam bo‘lsam, tabiatni asrash uchun nima ham qila olardim?” deb o‘ylaymiz. Lekin asl haqiqat shundaki, global o‘zgarishlar katta qarorlardan emas, bizning kundalik mayda odatlarimizdan boshlanadi. Har bir insonning bugungi kichik tanlovi sayyoramizning ertangi taqdirini belgilaydi. Ya’ni iste’molchilik madaniyatimizga ongli yondashishning o‘zi tabiatni asrashga qo‘shayotgan hissamiz.

Yelim paketning xizmati atigi 12 daqiqa…

Keling, har kuni sodir etadigan, lekin tabiatga eng katta zarbani beradigan odatlarimizni ko‘rib chiqaylik. Birinchi va eng katta dushmanimiz oddiy yelim paketlardir. Do‘konga kirganimizda sotuvchining “paket kerakmi?” degan savoliga o‘ylab ham o‘tirmay “ha” deb javob beramiz. Uyga kelgach, o‘sha paketni chiqindi qutisiga uloqtiramiz.

Dunyo miqyosida bir yilda taxminan 5 trillion dona bir martalik yelim paket ishlab chiqariladi. Bu har soniyada 160 000 ta yangi paket degani! Eng achinarlisi, biz bitta paketdan o‘rtacha 12 daqiqagina foydalanamiz (do‘kondan uygacha kelishda), lekin uning tabiatda to‘liq parchalanishi uchun 400 yildan 500 yilgacha vaqt kerak bo‘ladi.

Biz shunchaki tashlab yuborgan o‘sha paketlar keyinchalik tuproq unumdorligini yo‘qotadi, kanalizatsiya tizimlarini to‘sib qo‘yadi va shaharlarimizdagi chang-bo‘ronlar vaqtida havoga ko‘tarilib, sog‘lig‘imizga zarar yetkazadi. Do‘konga bitta matoli eko-sumka bilan borishni odat qilish orqali birgina inson yiliga yuzlab paketlarning chiqindiga chiqishining oldini olishi mumkin.

Axlat qutisiga uloqtirilayotgan pul va suv

Ongli iste’moldan eng uzoqlashgan yana bir nuqtamiz oziq-ovqat mahsulotlarini ehtiyojdan ortiq, zahirasi bilan  sotib olish odatimizdir. Do‘kondagi chegirmalar yoki “ko‘proq olsam, anchaga yetadi” degan tuyg‘u sabab savatni to‘ldiramiz, keyin esa ular muzlatgich burchagida muddati o‘tib chiqindiga ketadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda ishlab chiqariladigan barcha oziq-ovqatlarning uchdan bir qismi yeyilmasdan, chiqindixonaga uloqtiriladi. Bu nafaqat moliyaviy zarar, balki ulkan ekologik halokatdir. Ko‘rinmas zanjirga e’tibor bering, masalan bir dona axlatga tashlangan 250 gramm olma yetishtirilishi uchun 70 litr suv isrof bo‘ladi. Mahsulotni daladan do‘kongacha olib kelish uchun sarflangan yoqilg‘i, ishchilar mehnati, hammasi olma bilan qo‘shilib axlat qutisiga ketadi.

Yoki bo‘lmasa kundalik iste’molimizda eng birinchi o‘rinda turadigan non mahsulotini olaylik. Aslida bizning madaniyatimizda non eng aziz ne’mat. Uni aslo yerga tashlamaymiz, ushog‘ini ham teramiz. Ammo achchiq haqiqat shundaki, bugungi kunda chiqindixonalarda eng ko‘p uchraydigan mahsulot ham aynan nondir! To‘y-hashamlardan ortib qolgan, uyda zaxira bilan ortiqcha sotib olinib, keyin mog‘orlab, qotgan tonnalab nonlar har kuni axlatga uloqtirilmoqda.

Nonni axlatga tashlaganda, biz shunchaki yeyilmagan nonni emas, uning ortidagi ulkan mehnat va tabiat resurslarini uloqtirgan bo‘lamiz. Bir dona non (taxminan 500 gramm) daladan to dasturxonga kelguncha qancha suv talab qilishini bilasizmi? Bug‘doyni ekish, sug‘orish, uni qayta ishlash jarayonlarini hisoblaganda, 1 dona non ortida 800 litr suv isrofi turibdi!

Qolaversa, dehqonning mashaqqatli mehnati, yoqilg‘i, novvoyxonadagi elektr yoki gaz energiyasi, va albatta, o‘z hamyoningizdan chiqqan naqd pul non bilan birga axlat qutisiga tushadi.

Ongli iste’mol bu vaziyatda juda oddiy: nonni faqat bugungi kunlik ehtiyoj uchun sotib olish kifoya. Rizqni asrashning o‘zi tabiatni asrashning eng birinchi bosqichi.

Krossovkalarimiz ortidan qoladigan zararli iz…

Biz iste’mol haqida gapirganimizda nafaqat oziq-ovqat, balki kiyim-kechak, poyabzalga bo‘lgan ehtiyojimizni ham unutmasligimiz kerak. Garderobimizdagi eng yirik va xavfli ekologik xatolarimizdan biri — bu oyoq kiyimlarga bo‘lgan munosabatimizdir. Do‘konda navbatdagi yangi urfdagi oyoq kiyimni ko‘rganimizda, uni shunchaki chiroyli krossovka deb o‘ylaymiz, lekin uning ortidagi yashirin zararlardan xabarimiz bormi?

Bir juftgina oddiy sport poyabzali (krossovka) ishlab chiqarilishi jarayonida atmosferaga taxminan 14 kilogrammga yaqin karbonat angidrid gazi ajralib chiqadi. Bu bir dona lampaning haftalab tinimsiz yonib turishiga teng zarar. Dunyoda esa har yili 24 milliard juft poyabzal chiqariladi! Kiyim-kechakni qayta ishlash nisbatan osonroq, lekin oyoq kiyim butunlay boshqa masala. Krossovka tarkibida kamida 4-5 xil turli materiallar — plastik, rezina, charm, ko‘pik va kimyoviy yelimlar bo‘ladi. Ularni bir-biridan ajratib, qayta ishlashning deyarli iloji yo‘q. Eng achinarlisi, siz uloqtirgan bir juft krossovka axlatxonada 30 yildan 100 yilgacha chirimay, zaharli moddalar ajratib yotadi.

Poyabzal uchun ishlatiladigan charm va sintetik matolarni bo‘yash, ularga ishlov berish uchun minglab litr toza suv sarflanadi va ular xavfli kimyoviy oqova suvlarga aylanib, tabiatga chiqariladi.

Ongli iste’mol bu vaziyatda sizni poyabzalsiz yurishga chaqirmaydi. U shunchaki har mavsumda arzon va sifatsiz 3-4 juft oyoq kiyim sotib olgandan ko‘ra, bir marta sifatli, uzoq yillar xizmat qiladigan va klassik uslubdagi poyabzalga investitsiya qilishni taklif etadi. Eskirgan poyabzalni darrov axlatga otmay, ustaga berib ta’mirlatib kiyishning o‘zi sayyoramizga qilingan ulkan yaxshilik.

Sayyoramiz bizdan global qahramonliklarni kutayotgani yo‘q. Bugun do‘konda “paket kerak emas” deyishingiz, ekoxaltalarni ko‘tarishga odatlanishingiz, dasturxondagi nonni uvol qilmasligingiz va shkafdagi krossovkangizni qadrlashingizning o‘zi  haqiqiy atrof-muhitni asrashdir.  

 Barno Sultonova



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version