Sport
«Bu o‘zimizni ham chalg‘ityapti» – Kapadze murabbiylar „keldi ketdisi“ haqida
Avvaliga germaniyalik Yoaxim Lyov bilan muzokaralar o‘tkazilgandi, so‘nggi vaqtlarda esa milliy jamoani Amerikadagi mundialga olib borishi uchun portugaliyalik mutaxassis Paulu Bentu olib kelinishi haqida xabarlar tarqalgan.
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze O‘monga qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etib, milliy jamoada bosh murabbiy o‘zgarishi haqidagi xabarlar futbolchilarni ham chalg‘itayotganini aytib o‘tdi.
«O‘yin davomida gollar urish uchun imkoniyatlarimiz bor edi, ammo ulardan foydalana olmadik. Umuman ko‘proq vaziyat yaratsak bo‘lardi. O‘zi umuman olganda, bu turnirdan va 1-tur uchrashuvidan oldin bizda faqat ikkita mashg‘ulot o‘tkazish imkoni bo‘ldi. Kecha va undan avvalgi kun taktik mashg‘ulot qila oldik. Undan oldin esa tiklanish jarayoni, qaysidir o‘yinchi endi keldi, boshqasi endi keladi, degan narsa bilan yurdik.
Arablar jamoasi qanchalik imkoniyat bergan bo‘lsa, shundan foydalanishga harakat qildik.
Kechirasizlar-u, undan tashqari internet tarmog‘idayam murabbiylar haqida „u keldi, bu keldi“ degan xabarlar. Futbolchilar qanday „nastroy“ qiladi, hammasi telefonda o‘tiradi, kuzatadi. Bu bizni ham chalg‘ityapti. Shuning uchun, ikki kun ichida boricha tayyorgarlik ko‘rdik. Tayyor bolalar bilan chiqdik, yigitlar maydonda borini ko‘rsatishga intildi», – dedi Kapadze o‘yindan keyingi matbuot anjumanida.
O‘zbekiston milliy jamoasi 30 avgust kuni CAFA Nations Cup-2025 1-turi doirasida O‘mon bilan durang o‘ynadi (1:1). Xorijda to‘p surayotgan legionerlar, jumladan, Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullayev va Jaloliddin Masharipov hozircha jamoa ixtiyoriga yetib kelmagan.
«A» guruhidagi ikkinchi uchrashuvda ham Qirg‘iziston va Turkmaniston o‘zaro durang o‘ynadi (1:1). O‘zbekiston keyingi o‘yinni 2 sentabr kuni soat 19:30 da Turkmanistonga qarshi o‘tkazadi.
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston milliy jamoasi boshqaruviga xorijlik murabbiy olib kelinishi haqida xabarlar chiqmoqda. Avvaliga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2014 yil Germaniyani jahon chempioniga aylantirgan Yoaxim Lyov bilan muzokaralar olib borgan, yakunda tajribali mutaxassis bu taklifni rad etgandi.
Keyinroq esa O‘zbekistonni 2026 yilgi jahon chempionatiga O‘FA portugaliyalik mutaxassis Paulu Bentuni milliy jamoa bosh murabbiyligiga asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqayotgani haqida xabar tarqaldi. Uni Toshkent aeroportida ham ko‘rishgan, ammo hozircha bu muzokaralarda siljish yo‘q.
Bentu turli yillarda Portugaliya va Janubiy Koreya milliy jamoalariga ustozlik qilgan, 2023-2025 yillarda BAA milliy jamoasini boshqarib, yakunda ushbu jamoani JCh-2026 mundialiga olib chiqolmagach, iste’foga chiqarilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Timur Kapadze joriy yil 22 yanvarida Srechko Katanets o‘rniga milliy jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangandi. Kapadze boshqaruvida jamoa 2026 yil AQSh, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan jahon chempionati saralashining 3-bosqichi doirasida o‘z uyida Qirg‘izistonni mag‘lub etdi (1:0) va mehmonda Eron bilan durang o‘ynadi (2:2). Shuningdek, safarda aynan Bentu boshchiligidagi BAA bilan o‘yinda durang hisobni saqlab qolib (0:0), o‘z tarixida ilk marta jahon chempionatiga chiqdi.
Kapadze CAFA Nations Cup-2025 turniri arafasidagi matbuot anjumanida ham jamoaga yangi murabbiy tayinlanishiga munosabat bildirgandi. «Murabbiy kim bo‘lishidan qat’i nazar, terma jamoaga muxlislik qilishimiz kerak», degandi Kapadze. U bu mavzu ko‘p muhokama qilinishi futbolchilarga ham ta’sir etishi mumkinligini qayd etgandi.