Dunyodan
Britaniya Yaqin Sharqqa aviatashuvchi kema jo‘natish rejasini rad etdi
Britaniya Yaqin Sharqdagi harbiy ob’ektlarini mustahkamlash uchun mintaqaga Prince of Wales aviatashuvchi kemasini joylashtirish niyatida emas. Bu haqda Financial Times gazetasi mamlakat bosh vazirligi vakiliga tayanib xabar berdi.
“Kema yuborish qarori hali qabul qilinmagan.
7-mart kuni Sky News telekanali manbalarga tayanib, Britaniya Portsmutda joylashgan Prince of Wales aviatashuvchi kemasini, ehtimol, Yaqin Sharqqa jo‘natishga tayyorlanayotgani haqida xabar berdi.
Bungacha, 14 fevral kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Key Starmer Myunxen xavfsizlik konferensiyasida nutq so‘zlab, 2026-yilda London Shimoliy Atlantika va Arktika mintaqalariga aviatashuvchi zarbalar guruhini yuborishini ma’lum qilgan edi. Guruhga Prince of Wales aviatashuvchi kemasi boshchilik qilishi aytilmoqda.
Britaniyaning ikkinchi aviatashuvchi kemasi HMS Queen Elizabeth hozirda modernizatsiya qilinmoqda.
Shu bois, Yaqin Sharqdagi keskin vaziyatga qaramay, London mintaqaga aviatashuvchi kemani joylashtirishga hali qaror qilgani yo‘q.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Fransiyaning “Sharl de Goll” aviatashuvchi kemasi Yaqin Sharqdagi mojaro fonida Oʻrta yer dengiziga yetib kelgani xabar qilingandi.
Samolyot tashuvchisi Eron hujumlaridan jabrlangan Fransiya fuqarolari va ittifoqchilari xavfsizligini taʼminlash boʻyicha operatsiyalarda ishtirok etishi maʼlum qilingan edi.