Sport
Bosh vazir futbolchilardan milliy jamoani tanqid qilgan «divan ekspertlarini» kechirishni so‘radi
1 iyul kuni Toshkent xalqaro aeroportida jahon chempionatidan qaytgan O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchilarini tantanali kutib olish tadbiri o‘tkazildi.
Marosimda bosh vazir Abdulla Aripov so‘zga chiqib, milliy jamoa nomdor raqiblarga qarshi «jasorat bilan kurashganini» aytdi va futbolchilarni «divan ekspertlari»ni kechirishga chaqirdi. Bosh vazir bunda milliy jamoani ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilganlarni nazarda tutgan edi.
«Sizlar FIFA reytingida 5-o‘rinda turgan Portugaliya, 13-o‘rinda turgan Kolumbiya va ko‘plab futbolchilari Yevropa va jahonning yetakchi klublarida to‘p suradigan Kongo milliy jamoalariga qarshi mardonavor kurashdingiz. Har bir hujum, har bir himoya, har bir zarba va har bir kurash lahzasi xalqimizga hayajon, umid va faxr bag‘ishladi», dedi u.
«Hurmatli futbolchilar, sizlarning mashhurligingiz orqali salbiy fikrlar bildirib, o‘ziga soxta obro‘ va layk olmoqchi bo‘lgan har xil omadsiz sportchilar, mutaxassis va divan ekspertlari ko‘p bo‘ladi. Ularni ham kechirib yuboringlar», deb qo‘shimcha qildi hukumat rahbari.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatida Kolumbiyaga 1:3, Portugaliyaga 0:5, Kongo DR ga 1:3 hisobida yutqazdi va guruhda so‘nggi o‘rinni egalladi. O‘zbekistonning ikkala goli Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodov hisobiga yozildi. Milliy jamoa umumiy hisobda 48 ta terma jamoa ichida 46-o‘rinni egalladi.