Iqtisodiyot
Bond omborlariga brend kiyimlar va poyabzallar joylashtirilmaydi, nega?
O‘zbekistonda 1 iyuldan tashkil qilinadigan bond omborlari kiyim-kechak va poyabzal importiga ham taalluqli bo‘ladi. Bu tovarlar bond omborlaridan 3 foizlik boj to‘lovi asosida, faqat marketpleyslar orqali sotiladi. Ammo bu tartib global brendlar uchun amal qilmaydi.
Foto: Brandon Bell / Getty Images
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rasmiysi Komron Muhammadiyev Kun.uz bilan suhbatda buning bir nechta sabablarni keltirdi.
Yangi tartibda bond omborlari uchun ikkita ro‘yxat shakllantirilgan. Birinchi ro‘yxat elektronika mahsulotlarini o‘z ichiga oladi va ular 5 foizlik yagona bojxona boji bilan erkin sotilishi mumkin. Ikkinchi ro‘yxat esa kiyim-kechaklarga tegishli bo‘lib, 30 ta tovar pozitsiyasini qamrab oladi va aynan shu ro‘yxatdagi mahsulotlar uchun bond omborida global brendlar savdosiga cheklov qo‘yilgan.
Muhammadiyev bu qaror ichki chakana savdoni himoya qilish va bozordagi muvozanatni saqlash maqsadida qabul qilinganini ta’kidladi.
“Bugungi kunda global brendlar, ayniqsa, kiyim-kechak segmentida O‘zbekistonga rasmiy tarzda kirib kela boshlagan. Ularning o‘ziga xos talablari bor – savdo nuqtalaridan tortib, franshiza asosida ishlash tizimigacha. Bu brendlarning rasmiy kirib kelishi iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi: yangi ish o‘rinlari yaratiladi, xizmatlar sifati oshadi”, – deydi u.
Rasmiyga ko‘ra, agar global brendlar bond omborlari orqali sotilishiga ruxsat berilsa, ularning mamlakatga rasmiy kirib kelishi qiyinlashadi.
“Agar biz ularga bond omborlari orqali savdo qilish imkonini bersak, ularning rasmiy kirib kelishi amrimahol bo‘lib qoladi. Shu sababli mazkur cheklov joriy etilgan”, – deya izoh berdi Muhammadiyev.
Shu bilan birga, u global brendlar taqiqlangani bilan sifatli kiyim-kechaklar savdosiga to‘siq yo‘qligini qayd etdi. Global brendlar ro‘yxatiga kirmaydigan, ammo sifatli kiyim-kechak va poyabzal ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning tovarlari bond omborlari orqali erkin kirib kelishi mumkin.
Muhammadiyev yana bir jihatga e’tibor qaratdi: global brendlar uchun allaqachon pasaytirilgan stavkalar amal qilmoqda.
“Prezident qarorlariga muvofiq, global brendlar uchun boj stavkalari pasaytirilgan. Hozirda ular uchun bojlar taxminan 5 foizdan 7,5 foizgacha belgilangan. Holbuki, boshqa kiyim-kechak mahsulotlari uchun o‘rtacha boj stavkasi 20 foiz atrofida”, – dedi u.
ILMA vakiliga ko‘ra, mazkur imtiyozlar global brendlarning O‘zbekistonga rasmiy kirib kelishini rag‘batlantirishga qaratilgan. Bu esa o‘z navbatida iste’molchilar uchun qulaylik yaratadi.
“Avvallari fuqarolar chet elga chiqqanda vaqtining katta qismini aynan brend mahsulotlarni xarid qilishga sarflardi. Bugungi kunda esa bunday mahsulotlar bosqichma-bosqich ichki bozorda ham paydo bo‘lmoqda”, – deya qo‘shimcha qildi u.
Prezident qaroriga ko‘ra, bond omborlarini tashkil etishga ikki yillik huquqiy eksperiment doirasida 2026 yil 1 iyuldan ruxsat beriladi. Bunda importyorlar muayyan tovarlarni bond omboriga joylashtirib, uni jismoniy shaxslarga shaxsiy ehtiyoji uchun faqat marketpleyslar orqali sotishi mumkin bo‘ladi.
Tovarlarning birinchi guruhiga smartfon va noutbuklar kiritilgan bo‘lib, ularning bond ombori orqali importi qo‘shilgan qiymat solig‘idan to‘liq ozod etilgan va 5 foizlik yagona bojxona to‘lovi joriy etilgan.
Ikkinchi guruhga esa asosan xalqaro brendlar toifasiga kirmaydigan kiyim-kechak va poyabzallar kiritilgan bo‘lib, ular uchun QQS (hozirda 12 foiz) va 3 foizlik bojxona boji amal qiladi.