Jamiyat
Bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar ortidan 19 ta jinoiy, 26 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan – Bolalar ombudsmani
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsman)ning 2025 yildagi bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.
Bolalar ombudsmani ma’ruzasiga ko‘ra, 2025-yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 1 934 ta murojaat kelib tushgan.
Vakilga bevosita bolalar tomonidan 42 ta murojaat yo‘llangan bo‘lib, bu jami murojaatlarning 2,17 foizini tashkil etgan. 2025 yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning 35 ta shaxsiy qabulida 141 ta fuqarolar qabul qilinib, ularning murojaati ko‘rib chiqilgan.
Murojaatlar tahlili va monitoring faoliyati asosida bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani yuzasidan jami 36 ta ta’sir hujjati — 2 ta ogohlantirish, 6 ta taqdimnoma, 25 ta xulosa va 3 ta sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnoma kiritilgan. Murojaatlarni o‘rganish asosida bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 19 ta jinoyat ishi hamda 26 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, o‘tgan davrda bolaning moddiy ta’minoti yuzasidan jami 403 mln 745 ming so‘mlik aliment qarzdorligi undirishga ko‘maklashilib, 52 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga davlat boji va boshqa to‘lovlarsiz ID-kartalar rasmiylashtirilishiga amaliy yordam ko‘rsatilgan.