Jamiyat
Bola asrab olmoqchi bo‘lgan ayol qo‘rqyapti. Ruhshunos nima deydi?
«Mening yoshim 29 da, sakkiz yoshli qizim bor. Boshqa farzandim yo‘q. Mana, bir necha yilki, turmush o‘rtog‘im bilan davolanmagan joyimiz qolmadi. Oilamiz to‘kis, erim juda yaxshi pul topadi. Ammo odamlarning menga nisbatan «tug‘mas» degan gaplari jonimga tegdi. Ba’zi qarindoshlar hatto, «ajrashinglar», deyishyapti. Qizimga maktabida bittasi «sening aka-ukang yo‘q, yolg‘izsan», debdi. Uyga kelib: «Oyijon, nega mening ukam, singlim yo‘q?» deya xafa bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im farzand asrab olishni taklif qilyapti. Lekin uni atrofdagilar keyinchalik asrandi deyishidan qo‘rqaman. Tavakkal qilaveraymi, nima deysiz?»
Yu.U.
Savol bergan bu ayolda ichki aybdorlik hissi kuchli. U «turmush o‘rtog‘imga farzand tug‘ib bera olmayapman», deb faqat o‘zini ayblayapti. Inson nimadan qo‘rqsa, ya’ni «falon ish bo‘lsa-ya, odamlar gapirsa-ya» deb qanchalik ko‘p gapiraversa, xuddi shu tashvishlar boshiga tushadi.
Aybdorlik hissi ko‘paygan sari farzandli bo‘lish imkoniyati ham kamayib boradi. Gap shundaki, bunday odam ichki noroziligi bilan birga Xudoga shukr qilmasdan, aksincha, «Qachon farzand berasan, berasanmi o‘zi?» deya uni koyigan bo‘lyapti.
Agar ayol farzandsizlikdan tamoman tushkunlikka tushgan bo‘lsa, bu holat ham onalikka erishish yo‘lida to‘siq sifatida xizmat qiladi. Aslida esa mazkur vaziyatga duch kelgan ayol ichki aybdorlik hissidan voz kechib, ko‘nglidagi e’tiqodi-yu ixlosi bilan harakat qilsa, atrofdagilarning gap-so‘zini yengib, boshi berk ko‘chadan g‘alaba bilan chiqishi mumkin.
Insonni har qanday murakkab vaziyatdan olib chiqadigan tuyg‘u, bu – ishonch. Shifokorlar tomonidan «tuzalmaydi» deb tashxis qo‘yilib, aynan hayotga bo‘lgan ishonchi tufayli sog‘ayib ketgan bemorlar buning yaqqol misolidir.
Savol bergan ayolga ham faqat ana shu ishonch yordam beradi. «Kim nima desa, desin. Mening fikrim ularnikidan ustun. Men qanday bo‘lmasin, farzandli bo‘laman. Istasam, farzand boqib olaman. Bu mening ishim, mening hayotim», – desin-u, o‘zining umr yo‘liga, xohishiga e’tiqodi kuchli bo‘lsin.
Qolaversa, birinchi farzandni dunyoga keltirgan ayolning yana bir bor ona bo‘lish imkoniyati shu muammodan aziyat chekayotgan ayollarga nisbatan ko‘proq. Savol egasini turmush o‘rtog‘i bilan birga nafaqat jismonan, balki ruhan tekshirib, psixologik tavsiyalarni ham berish kerak.
Baxtiniso Azimboyeva, shifokor-ruhshunos