Jamiyat
Bobur ko‘chasida archalar kesilishi yuzasidan xizmat tekshiruvi boshlandi
Toshkent shahar hokimligi Bobur ko‘chasidagi obodonlashtirish vaqtida e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilganini tan oldi. Yoppasiga kesib tashlangan archalarning katta qismi kasallangan bo‘lgani aytilmoqda. Holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi boshlangan.
Toshkent shahar hokimligi Bobur ko‘chasida archalar kesilishi haqidagi tanqid va savollar yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Ma’muriyat ma’lumoticha, hududda olib borilgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari doirasida 83 tup piramidasimon gujum (eliks) hamda 62 mingdan ortiq manzarali buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Shu jarayonda “avval o‘sib turgan o‘simliklar bilan bog‘liq ishlarni bajarishda e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgan”.
Hokimlikning qayd etishicha, ushbu maydonda ilgaridan taxminan 145 tup archa bo‘lib, mutaxassislar xulosasiga ko‘ra ularning katta qismi kasallikka chalingan va asta-sekin qurib borayotgan edi. Dastlab archalarni ehtiyotkorlik bilan ko‘chirib o‘tkazish rejalashtirilgan, ammo mas’ul shaxslar belgilangan talablarga to‘liq rioya etmagan.
Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi boshlangan va natijalariga ko‘ra tegishli choralar ko‘riladi.
Hokimlik barcha ishlar qulay, xavfsiz va ekologik barqaror shahar muhitini yaratishga qaratilganini ta’kidlab, masalaga befarq bo‘lmagani uchun shahar aholisiga minnatdorlik bildirdi.