Iqtisodiyot
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshiriladi
O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, meva-sabzavotlar bo‘yicha milliy brendni yaratish borasida hamkorlik qilinadi.
Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) katta iqtisodchisi Dmitro Prixodko bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot FAO bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini barqaror rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda respublikadagi paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatiga «yashil» texnologiyalarni joriy etish, sohani barqaror rivojlantirish bo‘yicha strategik yondashuvlar hamda uning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan uyg‘unlashuvi muhokama qilindi.
Shuningdek, FAO bilan Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan «Agrokonnekt» dasturi doirasida hamkorlik qilish, O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, shu jumladan, meva-sabzavotlar bo‘yicha milliy brendni yaratish yuzasidan hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, FAO yordamida Italiyaning qishloq xo‘jaligini rivojlantirish yo‘nalishidagi dasturlarida ishtirok etish masalasi yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni davom ettirish va kelgusi loyihalarni muvofiqlashtirilgan tarzda amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.