Jamiyat
“Bizga Ukraina harbiylariga ta’minot keladigan ko‘prikni egallash topshirilgandi” – Rossiya armiyasiga yollangan yigit hikoyasi
Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etgan surxondaryolik 25 yoshli yigit jinoiy jazoga tortildi. U urushda snaryad portlashi oqibatida og‘ir jarohatlangan. Yigit sudda Rossiyada organ xodimlari “deport hujjatlari” deya aldab, armiyada xizmat qilish shartnomasiga imzo qo‘ydirib olganini aytgan. “O‘qib ko‘rishga imkon bermasdan, imzo qo‘yishga majburlashdi”, degan u.
Surxondaryoda Rossiya armiyasiga yollangan yigitga sud hukmi o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Hukmda keltirilishicha, 2000 yilda Uzun tumanida tug‘ilgan S.B. 2019 yildan ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga borib-kelib yurgan. U 2023 yil 22 aprelda Tojikiston orqali Rossiyaga ketgan. Moskva viloyatida ishlab yurishi jarayonida 2025 yil aprel oyida Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan.
S.B. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan hamda urushga majburlikdan borganini, organ xodimlari uni aldab, shartnomaga imzo qo‘ydirib olganini aytgan.
“2025 yil 26 martgacha Moskva viloyati Krasnogorskiy shahrida joylashgan mashinasozlik zavodida ishladim. Shundan so‘ng Rossiya Federatsiyasida vaqtincha bo‘lish hujjatlarimning muddati o‘tgani uchun ishdan bo‘shatishdi.
2025 yil 1 aprel kuni boshqa ish qidirib yurgan vaqtimda politsiya xodimlari ushlab, hujjatim bo‘lmagani sababli hibsxonaga joylashtirishdi. Hibsxonada turli davlatlardan bo‘lgan 7 nafar mehnat migranti ham bor edi. 2 aprel kuni politsiya xodimi deport qilinishim mumkinligini aytib, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishni taklif qildi. Rossiya armiyasi safida shartnoma asosida 1 yil xizmat qilsam 3 mln rubl pul mukofoti va Rossiya fuqaroligi berilishini va’da qilishdi.
Men urushga bormasligimni aytdim. 3 aprel kuni politsiya xodimlari “deport hujjatlariga imzo qo‘y”, deya o‘qib chiqishimga imkon bermasdan Rossiya armiyasida xizmat qilish bo‘yicha shartnomaga imzo qo‘ydirib olishdi. 4 aprel kuni konvoy va maxsus otryad xodimlari kelib, avtobusda Voronej shahriga olib ketishdi”, degan yigit suddagi ko‘rsatmasida.
Shundan so‘ng S.B. va boshqalarni harbiy qismga olib borishib, bir oy davomida dala o‘quv maydonida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishgan. Agar xizmatdan bo‘yin tovlashsa, uzoq muddatga qamalishlarini aytib, qo‘rqitishgan.
“Mashg‘ulotlarda o‘qotar qurollar va aloqa vositalaridan foydalanish, birinchi tabbiy yordam ko‘rsatish kabi ko‘nikmalarni o‘rgatishdi. U yerda turli davlat fuqarolari bor edi. O‘quv mashg‘ulotlari tugaganidan so‘ng 50 kishi orasidan meni va yana 3 kishini avtobusda Ukrainaning Rossiya tomonidan egallangan qismiga olib borishdi.
2025 yil 29 aprel kunigacha yangi kelganlardan tuzilgan vzvodda yana harbiy tayyorgarlikdan o‘tdik. Shundan so‘ng 18 kishini avtobusda Kremennaya degan o‘rmonga olib borishdi. Ertasi kuni qo‘shimcha o‘q-dori va qurol berishdi: o‘rtaga bir qancha turdagi o‘q-dori, qurol, granatalar va tibbiy qutilarini qo‘yib, keragicha olinglar, urushga kiramiz, deyishdi.
Jangovar topshiriqda Ukraina harbiylariga ta’minot keladigan ko‘prikni egallash va uni qo‘riqlaydigan harbiylarini yo‘q qilish kerakligini aytishdi. Xarita va drondan olingan rasmlarni ko‘rsatib, manzilni tushuntirishdi.
Ertasi kuni yo‘lga chiqdik. Yo‘lda Ukraina droni nishonga olib, snaryad tashlay boshladi. Snaryad portlashi oqibatida oskolkalar tegib, og‘ir jarohat oldim. O‘zimga og‘riq qoldiruvchi ukol qilib, jgut bilan chap qo‘lim va chap oyog‘imni bog‘ladim. Ratsiyadan aloqaga chiqib, yaralanganim haqida axborot berdim. Ular orqaga qaytishimni, turgan joyimga evakuatsiya guruhi yetib bora olmasligini aytishdi. Shu sababli yarador holimda 3 km masofaga orqaga qaytdim”, degan u sudda.
So‘ngra yaralangan S.B. avvaliga Donetskdagi, so‘ngra Belgorod shahridagi harbiy gospitalga olib borilgan. 24 avgust kuni esa ta’til berishgan. Bundan foydalangan yigit 2025 yil 4 sentabr kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.
S.B. Ukrainaga qarshi urushga o‘z xohishi bilan bormaganini, bunga majbur bo‘lganini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
JIB Uzun tuman sudining 2025 yil 14 noyabrdagi hukmi bilan S.B. Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish) sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Avvalroq pul uchun Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi janglarda ishtirok etgan namanganlik shaxs 3 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.