Jamiyat
“Birga hayotni saqlaymiz” milliy donorlik aksiyasi har oy o‘tkaziladi
Beg‘araz qon donorligini rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Unda har oy milliy donorlik aksiyasi, mehnat jamoalari va ta’lim muassasalarida donorlik tadbirlari, shuningdek harbiylar ishtirokida donorlik kunlari tashkil etish nazarda tutilgan.
Prezident qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan beg‘araz qon donorligi harakatini rivojlantirish maqsadida qator tashkiliy choralar yo‘lga qo‘yiladi.
Xususan, har oy “Birga hayotni saqlaymiz” milliy donorlik aksiyasi o‘tkaziladi. Aksiya doirasida har oyning 1-haftasi mobaynida — qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida, har oyning 3-haftasi mobaynida — ta’lim, davolash va boshqa tashkilotlarda qon donorligi tashkil etiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Qurolli kuchlari tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar harbiy xizmatchilari va xodimlari o‘rtasida yilda bir marotaba donorlik kunlari o‘tkazish belgilangan.
Mehnat jamoalarida donorlik kunlarini tashkil etish yo‘lga qo‘yilishi, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida esa donorlik bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va uchrashuvlar o‘tkazilishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, tug‘uruqda tibbiy yordam ko‘rsatuvchi har bir muassasada qon va uning tarkibiy qismlari shoshilinch zaxirasi tashkil etilishi hamda bu zaxira qon mahsulotlari, jumladan plazma va eritrotsitar massa bilan ta’minlanishi belgilandi.