Sport

Bir monarxga ikki jamoa. Niderlandiya qiroli avval o‘z jamoasini tabrikladi, keyin kyurasaoliklar bilan bayram qildi

Published

on


Qirol bir kunda bo‘lib o‘tgan ikki o‘yinga ham ulgurish uchun katta masofani bosib o‘tdi.

Foto: Getty Images, Reuters

Niderlandiya qiroli Villem-Aleksandr va kirolicha Maksima bir kun ichida ikkita o‘yinni stadiondan turib tomosha qilishdi: avvaliga Ronald Kuman shogirdlari Shvetsiyani qanday tor-mor etganiga guvoh bo‘lishdi (5:1), shuningdek, Kyurasaoning Ekvador bilan o‘yiniga kirishga ulgurishdi (0:0). Ushbu monarxning Dik Advokat boshqaruvidagi jamoaga qiziqishi bejiz emas.

Birinchi bekat – Niderlandiya

FIFA prezidenti Janni Infantino deyarli har bir o‘yinda ko‘rinish berishi hech kimni ajablantirmaydi. Lekin Niderlandiya qiroli bir kechada orasida ming kilometrdan ortiq masofa mavjud bo‘lgan ikki stadionga tashrif buyurishga ulgurib, barchani hayron qoldirdi.

Uning dastlabki manzili Hyuston bo‘ldi, bu yerda Kuman shogirdlari Shvetsiyani tor-mor etishdi (5:1). Monarx o‘yinni Xalqaro futbol federatsiyasi rahbari yonida o‘tirib kuzatdi.

«Men bu yerda FIFA mehmoniman. Agar Infantino o‘yinga tushgan bo‘lsa, uning yonida men ham o‘tiraman. Balki unga Tinchlik mukofoti uchun bir necha nomzodlarimni taklif qilishga ulgurgandirman», – deya hazil qildi Villem-Aleksandr jurnalistlar bilan muloqotda Infantino va Tramp o‘rtasidagi munosabatlarni nazarda tutib.

Jamoasi oson g‘alabaga erishgan bo‘lsa-da, qirol natija uchun qattiq qayg‘urgandi.

«O‘yin vaqti bir necha marta defibrillyator qayerda turganiga qarab qo‘ydim. Ayrim pallalarda qattiq siqilib qoldim», – deya hazillashishda davom etgan monarx.

O‘yin yakunlanganidan keyin u kiyim almashtirish xonasiga yo‘l olgan va jamoa a’zolarini tabriklagan. Futbolchilardan ayrimlari imkoniyatdan foydalanib, qirol bilan suratga tushib olishgan: xususan, jamoa sardori Virjiyl van Deyk va darvozabon Bart Verbryuggen u bilan selfi olishgan.

Een trots @koninklijkhuis 🧡#NothingLikeOranje #FIFAWorldCup pic.twitter.com/O7lwsfywF0


— OnsOranje (@OnsOranje) June 21, 2026

«U men yaxshi turganim va o‘yin unga yoqqanini aytdi», – deya darvozabondan iqtibos keltiradi Voetbal.

Ammo Villem-Aleksandr jamoa bilan ko‘p vaqt qola olmasdi: u tezda aeroportga yo‘l oldi, chunki bir necha soat o‘tib Kanzas-Sitida Kyurasao va Ekvador o‘rtasidagi o‘yin boshlanishi kerak edi.

Ikkinchi bekat – Kyurasao

2010 yil suverenitet qo‘lga kiritilganiga qaramay, Kyurasao hamon Niderlandiya qirolligining bir qismi hisoblanadi. Qolaversa, milliy jamoadagi 26 futbolchidan 25 nafari Karib havzasidagi orollarda emas, aynan Niderlandiyada dunyoga kelgan.

Qirol shu sabablar tufayli jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun uzoq yo‘l bosib keldi, jamoadagilar ham uni ko‘rishdan xursand bo‘lishdi. Monarx esa stadionga tushishdan oldin to‘q sariq rangdagi formasini ikkinchi jamoasining ranglariga almashtirdi.

Kyurasaoning Ekvador bilan o‘yindagi durang natijasi (0:0) Niderlandiyaning yirik hisobdagi g‘alabasidan ham qadrliroq edi. Bu o‘z tarixida ilk bor mundialda ishtirok etayotgan jamoa tomonidan qo‘lga kiritilgan ilk ochko edi. Villem-Aleksandr esa oila a’zolari bilan birga yana jamoa kiyim almashtirish xonasiga kirib keldi va jamoa bosh murabbiyi, niderlandiyalik taniqli mutaxassis Dik Advokat sha’niga maqtovli so‘zlar aytdi. Keyin esa u barcha futbolchilar bilan qo‘l berib ko‘rishib chiqdi va ular bilan birga raqs tusha ketdi.

Royal Celebration with the King and Queen 💙@koninklijkhuis pic.twitter.com/PLLrVoek80


— Curaçao National Football Team (@TheBlueWaveFFK) June 21, 2026

E’tiborli jihati, uchinchi turda qirol ikki jamoadan birini tanlashiga to‘g‘ri keladi: Kyurasao – Kot-d’Ivuar va Niderlandiya – Tunis o‘yinlari deyarli bir vaqtda boshlanadi, ushbu o‘yinlar o‘tkaziladigan stadionlar o‘rtasidagi masofa esa qariyb 2000 kilometr chiqadi.





Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version