Jamiyat
Bir guruh hatayliklar (Turkiya) Navro‘z kunlarida O‘zbekistonga keladi
Shu yilning 20–24 mart kunlari Hatay viloyatidan Turkiya fuqarolari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi bo‘lib o‘tadi.
«Dunyo» AAning eslatishicha, ushbu tashrif O‘zbekiston Prezidentining Navro‘z bayrami munosabati bilan ilgari surilgan va 2026-yil 29-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi doirasida bildirilgan tashabbusiga muvofiq tashkil etilmoqda.
Ta’kidlanishicha, tashabbus Turkiyadagi mahalliy OAVlarda keng yoritilgan. Jumladan, «Haberler», «Ensondakika», «İlkhaber Gazetesi», «Sondakika» kabi yetakchi elektron nashrlar, shuningdek, «Ülke TV» va «Bengü Türk» telekanallari bo‘lajak tashrifni faol yoritmoqda.
Xususan, Hatay viloyati gubernatori Mustafo Masatli va viloyat aholisining tashakkurnomasi e’lon qilinib, unda O‘zbekiston tomoniga taklif uchun minnatdorlik bildirilgan.
Ma’lum qilinishicha, delegatsiya tarkibidan Turkiya ommaviy axborot vositalari vakillari ham o‘rin olgan bo‘lib, ular tashrifning borishi va O‘zbekistonda Navro‘z bayrami doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar haqida Turkiya jamoatchiligini muntazam ravishda xabardor qilib boradi.