Jamiyat
Bezorilikka o‘zgartirilgan qotillik ishi: Taftish Qashqadaryoda ko‘riladigan bo‘ldi
Oliy sud Sho‘rchi dehqon bozorida sodir etilgan jinoyat ishini taftish tartibida ko‘rishni Surxondaryodan Qashqadaryo viloyati sudiga o‘tkazdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudida o‘ta shafqatsizlik bilan sodir etilgan qotillik, deb topgan ishni Surxonddaryo viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida bezorilik va qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishga o‘zgartirib, mahkumlarga tayinlangan jazoni yengillashtirgandi.
Sho‘rchi dehqon bozorida sodir etilgan jinoyat ishi taftish tartibida Qashqadaryo viloyati sudida ko‘riladigan bo‘ldi. Bu haqda marhum (jabrlanuvchi)ning turmush o‘rtog‘iga Oliy suddan yuborilgan javob xatida ma’lum qilingan.
Unda yozilishicha, Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “l, p” bandlari bilan sudlangan Ulug‘bek Bo‘riyev va boshqalarga oid jinoyat ishi qonuniy hal etish uchun Qashqadaryo viloyati sudiga yuborilgan. Unga qadar mazkur ish Surxondaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining ish yurituvida edi. Marhumning yaqinlari taftish Surxondaryo sudida ko‘rilishi xolislikka putur yetkazishidan xavotir bildirishgandi.
Sho‘rchi voqeasi
Jinoyat 2025 yil 16 iyul kuni Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi dehqon bozorida sodir etilgan. 1990 yilda tug‘ilgan Ulug‘bek Bo‘riyev o‘ziga qo‘shni oshxona egasi – 1987 yilda tug‘ilgan Elbek Eshmatov bilan janjallashgan. Oshxona egalari bir-biri bilan mushtlashib, yoqalashayotganda har ikki tomonning yaqinlari, o‘tib-qaytuvchilar ularni ajratib qo‘yishga urinishgan. Shunda Ulug‘bek Bo‘riyevning oshxonasida ishlovchi 16 yoshli jiyani Ozodbek Boltayev 30 sm.dan uzunroq kabob sixini olib chiqib, tog‘asi bilan urishayotgan Elbek Eshmatovning orqasidan ko‘krak qafasiga sanchgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, kabob sixi Elbek Eshmatovning qovurg‘alari orasidan kirib, chap o‘pkasini to‘liq teshib o‘tgan. U buning oqibatida vafot etgan.
Dastlabki sud hukmi bilan tog‘a va jiyan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “l, p” bandlari, ya’ni bezorilik oqibatida bir guruh shaxslar tomonidan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etishda aybli deb topilgan. Ulug‘bek Bo‘riyevga 15 yil 6 oy, Ozodbek Boltayevga 9 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Surxondaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2026 yil 27 yanvardagi ajrim bilan dastlabki sud hukmi o‘zgartirilgan. Unga ko‘ra, Ozodbek Boltayevning harakatlari Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi, ya’ni qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lishi, Ulug‘bek Bo‘riyevniki esa Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi – jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib bezorilik sodir etish bilan qayta malakalangan. Jiyanning ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo muddati 9,5 yildan 7 yilga, tog‘aniki esa 15,5 yildan 5 yilga tushirilgan.
Marhumning yaqinlari buni adolatsiz deb hisoblamoqda. Holatga munosabat bildirgan Surxondaryo viloyati sudi sud qarorlarining adolatliligiga taftish instansiya sudi huquqiy baho berilishini ma’lum qilgandi.