Iqtisodiyot
Bekobodda O‘zbekiston–Boshqirdiston texnoparki quriladi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev va O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botir Asadov boshchiligidagi delegatsiyaning Boshqirdistonga tashrifi doirasida hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinib, asosiy qo‘shma loyihalardan biri sifatida Bekobod tumanida O‘zbekiston–Boshqirdiston texnoparkini tashkil etish rejasi ma’lum qilindi.
“Dunyo” AA xabar berishicha, Rossiya axborot agentliklari ma’lumotlariga ko‘ra, Boshqirdiston rahbari Radiy Xabirov va Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgan. Unda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Qayd etilishicha, asosiy tashabbuslardan biri — Toshkent viloyatining Bekobod tumanida O‘zbekiston–Boshqirdiston texnoparkini tashkil etishdir. Ma’lumotlarga ko‘ra, texnopark qurilishini 2026 yil bahorida boshlash rejalashtirilgan.
Uchrashuvlar doirasida yana bir yo‘nalish sifatida Toshkent viloyatida Boshqirdiston asalarichilik ilmiy-tadqiqot markazi ishtirokida apiterapiya markazi tashkil etish rejasi ham tilga olingan.
Bundan tashqari, Boshqirdistonning Igli tumanida o‘zbekistonlik investorlar chorvachilik sohasida yirik loyiha amalga oshirishni, Ufada esa mehmonxona qurishni rejalashtirayotgani aytilgan. Shuningdek, Boshqirdistonda maishiy texnika ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlari ham muhokama qilingan.
Rossiya OAV yozishicha, hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha keyingi qadam sifatida Boshqirdiston delegatsiyasining shu yil aprel oyida O‘zbekistonda o‘tkaziladigan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro konferensiyasida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.