Sport
«Barsa»ga bir qadam qoldi, «Siti» yana bir finalda. Kun o‘yinlari
La ligada chempionlik masalasi deyarli hal bo‘ldi, APLda «Arsenal» o‘ziga xos rekord o‘rnatib, g‘alaba qozondi va birinchi o‘rinni qaytarib oldi.
APL: yetakchining minimalizmi
«Arsenal» – «Nyukasl Yunayted» 1:0
Gol: Eze, 9 (1:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Inkapiye, Uayt, Subimendi (Lyuis-Skelli, 81), Rays, Edegor, Eze (Martinelli, 53), Madueke (Saka, 81), Havers (Yokeresh, 34)
«Nyukasl Yunayted»: Poup, Botman, Tiau, Byorn, Mayli, Tonali, Uillok (Elanga, 86), Gimarayns (Voltemade, 75), Remsi, Myorfi (Vissa, 66), Osula (Barns, 66)
Ogohlantirishlar: Martinelli, 71. Rays, 86 – Byorn, 57. Poup, 74
«Arsenal» oxirgi o‘yinlaridan farqli o‘laroq, bu safar muxlislarini uzoq qiynamadi va tezkor gol urdi. Yana – burchak zarbasidan. So‘nggi vaqtlarda jamoa burchak zarbalaridan gol ura olmayotgandi, ammo bu safar jamoa murabbiylar shtabi standart vaziyatni ijro etishga yangicha yondashishdi. To‘p burchakdan yerlatib jarima maydoniga yetkazildi, u yerda to‘pni yolg‘iz qabul qilgan Havers uni jarima maydoni tashqarisida zarba berishga tayyor turgan Ezege oshirdi. Ingliz yarimhimoyachisi olis burchak tomon kuchli va aniq zarba yo‘lladi.
E’tiborli jihati, bu gol orqali «Arsenal» bir mavsumda burchak zarbalaridan eng ko‘p gol urgan (17) jamoaga aylandi. Bu orqali jamoa o‘zining 2023-24 yillar mavsumida o‘rnatilgan rekordini bittaga yangiladi.
Ammo ushbu golda ishtirok etgan ikki futbolchi o‘yin davomida jarohat olishdi. Avvaliga o‘yinning yarim soati ortda qolganida Kay Havers raqib futbolchisi bilan to‘qnashuvdan keyin gazonga yotdi va almashtirishni so‘radi, uning o‘rniga Yokeresh o‘yinni davom ettirdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida esa Eze o‘z o‘rnini Martinelliga bo‘shatib berishga majbur bo‘ldi.
O‘yin mezbonlar ustunligida davom etdi va o‘yin oxirlariga borib Arteta Saka va Lyuis-Skellini ham maydonga tashladi, ulardan birinchisi jarohat tufayli 22 martdan buyon ilk bor o‘ynadi, asli chap qanot himoyachisi bo‘lgan ikkinchisi esa ilk bor markaziy yarimhimoyachi pozitsiyasiga tushirildi.
«Kanonirlar» kichik hisobdagi g‘alabani saqlab qolishdi va chempionlik poygasida yana oldinga chiqib olishdi. Ochkolari sonini 73 taga yetkazib olgan londonliklarda mavsum yakuniga qadar yana to‘rt o‘yin qoldi, bu o‘yinlar «Fulhem», «Vest Hem», «Byornli» va «Kristal Pelas»ga qarshi kechadi. Ikkinchi o‘rinda kelayotgan va 70 ochkoga ega «Siti»ning keyingi raqiblari esa kuchliroq: «Everton», «Bornmut», «Brentford», «Kristal Pelas» va «Aston Villa».
Angliya kubogi, yarimfinal
«Manchester Siti» – «Sauthempton» 2:1
Gollar: Azaz, 79 (0:1). Doku, 82 (1:1). Gonsales, 87 (2:1)
«Manchester Siti»: Trafford, Stouns, Ake, Ayt Nuri (O`Rayli, 71), Mateus Nunes, Gonsales, Kovachich (Doku, 58), Reynders (Bernardu Silva, 85), Sherki, Foden (Savio, 58), Marmush (Holand, 71)
Bu tur o‘yinini oldinroq o‘tkazib, «Byornli»ni kichik hisobda (1:0) mag‘lub etgan «Siti» shanba kuni Angliya kubogi yarimfinalida «Sauthempton»ga qarshi o‘ynadi. O‘yinning katta qismi teng kurashlar ostida kechdi, 79-daqiqada esa chempionship jamoasining irlandiyalik yarimhimoyachi Azaz «shaharliklar» darvozasini ishg‘ol etib, «Uembli» o‘yingohiga yig‘ilgan muxlislarni shokka tushirdi.
Ammo bir necha daqiqa o‘tib Doku uzoq masofadan yo‘llagan zarba rikoshet orqali darvozaga borib tushdi va hisob tenglashdi. Yana bir necha daqiqa o‘tib esa Niko Gonsales ham jarima maydoni tashqarisidan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi, to‘p to‘sin ostidan darvoza to‘riga kirdi. Bu gol «Siti»ni bu mavsumda ikkinchi bor finalga (Angliya kubogida so‘nggi o‘n yillikda beshinchi bor) olib chiqdi. Xosep Gvardiola shogirdlarining finaldagi raqibi «Chelsi» va «Lids» uchrashuvida aniqlanadi.
Ispaniya: besh daqiqadagi kambek
«Xetafe» – «Barselona» 0:2
Gollar: Fermin Lopes, 45 (0:1). Reshford, 74 (0:2)
«Xetafe»: Soriya, Dakonam (Abkar, 76), Boseli (Kiko Femeniya, 46), Duarte, Mancha (Sankris, 76), Iglesias, Milya, M. Martin, Arambarri (Kamara, 81), Birmanchevich (Vaskes, 46), Satriano
«Barselona»: Garsiya, Kubarsi, X. Martin, Joau Kanselu, Kunde (Arauxo, 60), Gavi (de Yong, 60), Pedri (Kasado, 88), Olmo, Fermin Lopes (Balde, 82), Barji (Reshford, 60), Levandovski
Ogohlantirishlar: Dakonam, 63. M. Martin, 87 – Kunde, 20. Gavi, 39
«Barselona» «Xetafe»ni safarda besh mavsumdan buyon mag‘lub etolmayotgandi (=4-1), ammo bu safar jamoa Rafinya va Yamalsiz o‘ynaganiga qaramay, noxush seriyasiga chek qo‘ydi. Kataloniyaliklar bu o‘yinda raqibning qurolini o‘ziga qarshi qo‘lladi va himoyadan o‘ynab, dastlabki zarbasini 45-daqiqaga kelibgina yo‘lladi. Mezbonlar qarshi hujumga chiqishga tayyorlanayotganida maydon markazida Kubarsi to‘pni olib qo‘ydi, Pedri esa Fermin Lopesni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi.
Ikkinchi gol esa «Xetafe» hujumda aut tashlaganida yuzaga keldi. To‘p jarima maydoniga yetkazildi, ammo to‘p uchun kurashda ustun kelgan Levandovski vaziyatni tezda aniq baholadi va to‘pni Reshfordning yo‘liga tashlab berdi. Levandovski la ligada gol+pas tizimidagi ochkolari sonini 100 taga yetkazdi (81+19). Ammo eng asosiy raqamlar turnir jadvalida – bu turda «Real» «Betis» bilan durang o‘ynab qo‘ygani (1:1) tufayli peshqadam bilan oradagi farq 11 ochkoga yetdi.
Agar keyingi turda Hansi Flik jamoasi safarda «Osasuna»ni mag‘lub etsa, «Real» esa Kataloniya poytaxtida «Espanyol»ni mag‘lub eta olmasa, madridliklar klasiko kuni azaliy raqibi uchun chempionlik yo‘lagi tashkil etishga majbur bo‘ladi.
«Atletiko» – «Atletik» 3:2
Gollar: Paredes, 23 (0:1). Grizmann, 49 (1:1). Syorlot, 54 (2:1). Syorlot, 90+3 (3:1). Guruseta, 90+7 (3:2)
«Atletiko»: Oblak, Langle, Pubil, Rudjyeri, Liorente (Molina, 63), Koke (Le Norman, 72), Barrios (Kardozo, 58), Baena, Simeone (Vargas, 72), Grizmann (Gonsales, 63), Syorlot
«Atletik»: Simon, Vivian, Paredes, Berchiche (Boyro, 63), Gorosabel, Ruis de Galarreta (Vesga, 70), Rego, Gomes (Sanset, 63), Uilyams (Berenger, 70), Inyaki Uilyams (Navarro, 70), Guruseta
Allaqachon chempionlik poygasini tark etgan «matraschilar» so‘nggi haftalarda asosiy e’tiborni YeChL va Ispaniya kubogiga qaratib, la liga o‘yinlariga ikkinchi tarkibni tushirmoqda. Bu safar esa Diyego Simeone ashaddiy raqibga qarshi o‘yinda katta rotatsiyaga qo‘l urmadi, ammo «Atletiko» baribir birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra hisobda ortda qolayotgandi. Basklar markaziy himoyachisi Paredes standart vaziyatda gol urib, hisobni ochdi. Natijada jamoa qatorasiga beshinchi o‘yinda yutqazib, Simeone davridagi antirekordni yanada yangilashi xavfi yuzaga keldi.
Madridliklar tarixidagi eng yaxshi hujumchi Antuan Grizmann esa bunga qarshi chiqdi. Fransuz futbolchisi ikkinchi bo‘lim boshlarida Baena va rikoshet yordamida hisobni tenglashtirdi. Keyinroq Aleks Syorlotga ham assistentlik qildi. Shu tariqa, o‘yin besh daqiqa ichida 180 darajaga o‘zgardi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Syorlot dublni rasmiylashtirdi. Bu g‘alabaga qaramay, «Atletiko» to‘rtinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmaydi, ammo jamoa YeChLda «Arsenal»ga qarshi o‘yinga yaxshi kayfiyatda yetib kelmoqda.
Futbol qoidalari Telegram-kanali