Sport
«Barsa» yirik hisobda yutqazdi
Kataloniyaliklar Ispaniya kubogi yarimfinalida «Atletiko»ga qarshi kechgan o‘yinning birinchi bo‘limidayoq 4 ta gol o‘tkazib yubordi va amalda finalga chiqishdan umid uzdi.
Ispaniya kubogi, yarimfinal, birinchi o‘yin
«Atletiko» – «Barselona» 4:0
Gollar: E. Garsiya, 6 – avtogol (1:0). Grizmann, 14 (2:0). Lukman, 33 (3:0). Alvares, 45+2 (4:0)
«Atletiko»: Musso, Gansko, Pubil, Rudjyeri, Molina, Koke (Le Norman, 90), Liorente, Lukman (Almada, 73), Simeone, Grizmann (Baena, 68), Alvares (Syorlot, 68)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi (Joau Kanselu, 77), E. Garsiya, Balde (Arauxo, 77), Kunde, de Yong, Fermin Lopes (Martin, 87), Kasado (Levandovski, 37), Olmo, Yamal, Torres
Ogohlantirishlar: Simeone, 50. Liorente, 51. Baena, 79. Pubil, 86. Rudjyeri, 90 – Kasado, 26. Olmo, 86. Fermin Lopes, 86
Chetlatish: E. Garsiya, 85
Ispaniya kubogi yarimfinalining birinchi o‘yinida «Barselona» o‘z muxlislarini karaxt holatga solib qo‘ydi. Kataloniyaliklar 2020 yil avgustidan buyon ilk bor birinchi bo‘limning o‘zida javobsiz to‘rtta gol o‘tkazib yubordi.
«Barselona» Xulian Alvaresga qiziqayotgani va Diyego Simeone iste’foga chiqarilishi mumkinligi haqidagi xabarlar fonida bo‘lib o‘tgan o‘yinga madridliklar katta ishtiyoq bilan tushishgandi. Mezbonlar ilk daqiqalardan intensiv harakat qilib, ancha oldinda pressing uyushtirdi hamda yakkakurashlarda yutib chiqa boshladi.
Mehmonlar o‘yinning 70 foiz vaqtida to‘pga egalik qildi, ammo o‘yinni «Atletiko» nazorat qildi. O‘yinning 7-daqiqasidayoq Erik Garsiya o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi: bu vaziyatda maydon holati kataloniyaliklarga pand berdi, to‘p do‘nglik tufayli sapchib ketdi va darvozabon Joan Garsiya uni to‘xtata olmadi.
Bu «Barsa» darvozaboni uchun mavsumdagi to‘rtinchi golli xatoga aylandi. Bu borada undan yomonroq ko‘rsatkich faqat «Jirona» posboni Paulo Gassanigada – 6.
7 daqiqa o‘tib Garsiyaning ampluadoshi Musso boshlab bergan hujumni Antuan Grizmann gol bilan yakunladi va sobiq jamoasiga urgan golini nishonladi.
«Barselona» o‘yinning borishini o‘zgartirishga harakat qildi, ammo Fermin Lopesning zarbasidan keyin to‘p darvoza to‘siniga bordi. «Atletiko» esa o‘z vaziyatlaridan foydalanishda davom etdi. 33-daqiqada hisob yirik ko‘rinishga keldi: Alvares ayyorona harakat bilan to‘pni o‘zidan yaxshiroq pozitsiyada turgan Ademola Lukmanga o‘tkazib yubordi va madridliklarning qishdagi xaridi olis burchakni aniq nishonga oldi.
«Barsa»da esa bu vaqtgacha darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan birorta zarba yo‘q edi.
37-daqiqada Flik hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun Kasado o‘rniga Levandovskini tushirdi. Tanaffus arafasida Fermin Lopesda yana bir vaziyat bo‘ldi, ammo u Musso bilan duelni boy berdi.
Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Lukman Alvaresga qarzini qaytardi – 4:0.
Flik jamoasining himoyadagi harakatlarini quyidagi kadr yaqqol ifodalaydi – jamoa raqibga juda ko‘p erkinlik taqdim etdi.
O‘yin taqdirini hal qilib bo‘lgan mezbonlar ikkinchi bo‘limda kuch tejab o‘ynadi, ammo gol o‘tkazmadi. 52-daqiqada to‘p baribir Oblak qo‘riqlayotgan darvozaga kirganida esa, VAR golni bekor qildi.
Bu vaziyat yetti daqiqa davomida tekshirildi hamda yakunda Levandovskida kichik ofsayd holati qayd etildi.
Qolgan vaqt mobaynida «Atletiko» hisobdan kelib chiqib o‘ynadi va o‘z jarima maydoniga olib boruvchi barcha yo‘llarni yopib tashladi.
Mehmonlarda jarohat tufayli safdan chiqqan Pedri, Rafinya va Reshford kabi asosiy tarkib futbolchilari yo‘qligi bilindi. Javob o‘yinida esa Erik Garsiya ham maydonga tusha olmaydi – o‘yin oxirida u so‘nggi umid foli uchun qizil kartochkaga loyiq ko‘rildi.
«Atletiko»da 2013 yildan buyon ilk kubokni qo‘lga kiritish uchun yaxshi imkoniyat yuzaga keldi – 3 mart kuni «Kamp Nou»da o‘tadigan uchrashuvda kambek amalga oshishiga kataloniyaliklarning eng ashaddiy muxlislari ham ishonmayapti. Yarimfinalning ikkinchi juftligi esa «Atletik» va «Real Sosiyedad»dan tarkib topgan (birinchi o‘yinda «Real Sosiyedad» safardan minimal hisobdagi g‘alaba bilan qaytgan – 1:0).