Sport

«Barsa» va «Siti» o‘tish o‘yinlariga qoladimi? YeChLning so‘nggi turi arafasidagi vaziyat

Published

on


So‘nggi turda muxlislarni shiddatli to‘qnashuvlar kutmoqda. Lekin grand jamoalarning hammasi ham 1/8 finalga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqa olmaydi.

Chempionlar ligasining umumiy guruh bosqichidagi sakkiz turdan yettitasi o‘tib bo‘ldi. Klublar guruh bosqichida yana bittadan o‘yin o‘tkazishi kerak. Yakuniy o‘yin kunidagi barcha uchrashuvlar bir vaqtga, 28 yanvarga belgilangan.

So‘nggi tur arafasida intriga – yetarlicha. Quyida shu haqda.

Reglament

O‘tgan mavsumdan Chempionlar ligasi formati yangilangandi:


1/8 finalga umumiy guruh bosqichidan faqat sakkiz jamoa to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l oladi;
9-24-o‘rinlarni egallagan jamoalar pley-offning qo‘shimcha raundiga – o‘tish o‘yinlariga o‘tadi;
umumiy guruhda egallangan o‘rinlar jamoalarning pley-offda saralanishiga ta’sir ko‘rsatadi. O‘tish bosqichida 9 va 10-o‘rinlar bilan chiqqan jamoalar 23 va 24-o‘rinlarni egallagan jamoalarga qarshi, 11-12 – 21-22 bilan, 13-14 – 19-20 bilan, 15-16 – 17-18 bilan o‘ynaydi;
o‘tish raundida jamoalar ikkitadan o‘yin o‘tkazadi – uyda va safarda. Saralangan klublar (9 dan 16-o‘ringacha) javob bahslarini o‘z maydonida o‘tkazadi;
o‘tish o‘yinlarida bir mamlakat vakillari to‘qnash kelishiga cheklov yo‘q;
o‘tish o‘yinlari va 1/8 finaldan oldin qur’a o‘tkaziladi;
top-24 ga kira olmagan jamoalar yevrokuboklarni tark etadi.

Ochkolar teng kelib qolganda kim yuqorida bo‘ladi?

Agar ikki (va undan ortiq) klublar bir xilda ochko to‘plasa, ularning pozitsiyalari quyidagi ko‘rsatkichlarga qarab belgilanadi:


To‘plar nisbati
Urilgan gollar soni
Safardagi gollar soni
G‘alabalar soni
Safardagi g‘alabalar soni
Raqiblar ishlagan ochkolar soni*
Raqiblarning to‘plar nisbati*
Raqiblar urgan gollar soni*
Intizomiy balllar (sariq va qizil kartochkalar)
Klub koeffitsiyenti

* Jamoalarning guruh bosqichidagi barcha sakkiz raqibining ko‘rsatkichlari hisobga olinadi. Kimning raqiblari yaxshiroq ishtirok etgan (ko‘proq ochko ishlagan, to‘plar nisbati yaxshiroq va hokazo) bo‘lsa, o‘sha klub turnir jadvalida yuqoriroq joylashadi.

So‘nggi tur oldidan YeChL turnir jadvalidagi vaziyat

Yakuniy o‘yin oldidan Chempionlar ligasi ishtirokchilari umumiy jadvalda quyidagicha joylashgan:

Faqat «Arsenal»da yo‘qotish yo‘q

Yettinchi tur o‘yinlaridan keyin faqat «Arsenal» va «Bavariya» 1/8 final yo‘llanmasini kafolatlagan. Londonliklar maksimal ochko jamg‘arishgan (21), «Bavariya»da uch ochko kamroq, ammo hamon nazariy jihatdan birinchi o‘ringa chiqish imkoniyatiga ega (agar «Arsenal» o‘z uyida «Qayrat»ga yirik hisobda yutqazsa va «Bavariya» safarda «PSV» ustidan kerakli hisobda g‘alabaga erishsa).

«Real» va «Liverpul»da 15 tadan ochko bor, ammo to‘qqizinchi o‘rin bilan oradagi farq atigi ikki ochkoni tashkil etmoqda. Beshinchi o‘rinda «Tottenhem» (14 ochko) joylashgan.

Keyin esa birato‘la sakkiz jamoada 13 tadan ochko bor: «PSJ», «Nyukasl» va «Chelsi» to‘plar nisbati yaxshiligi evaziga hozircha kuchli sakkizlikda turibdi, «Barselona», «Sporting», «Manchester Siti», «Atletiko» va «Atalanta» – hozircha 1/8 finalga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma beruvchi o‘rinlardan tashqarida. «Inter» va «Yuventus» (12 tadan ochko) ularni ta’qib etmoqda. Yuqorida nomlari keltirilgan 15 klubning barchasi pley-offdagi ishtirokini kafolatlagan.

Top-24 dan tashqarida nomdor klublar ham bor: «Napoli» (8), «Benfika» (6), «Ayaks» (6). Lissabonliklar va amsterdamliklarda yevromavsumni qutqarib qolish imkoniyati juda past – ular pley-offga yo‘llanma beruvchi so‘nggi o‘rindan ikki ochkolik farq bilan ortda.

To‘rt jamoa bahorda yevrokubok o‘yinlarida qatnashish imkoniyatidan mahrum bo‘lib ulgurgan: «Ayntraxt» (4), «Slaviya» (3), «Vilyarreal» (1) va «Qayrat» (1).

O‘tish bosqichidagi ehtimoliy savatchalar

Agar umumiy guruh bosqichi hozirning o‘zida yakunlangan bo‘lganida, o‘tish bosqichi setkasi quyidagi ko‘rinishda bo‘lgan bo‘lardi (eslatma: juftliklardagi muayyan raqiblar qur’a orqali aniqlanadi):

«Barselona» yoki «Sporting» «Atletik» yoki «Olimpiakos»ga qarshi;

«Manchester Siti» yoki «Atletiko» «Monako» yoki «PSV»ga qarshi;

«Atalanta» yoki «Inter» «Marsel» yoki «Bayyer»ga qarshi;

«Yuventus» yoki «Borussiya» «Galatasaroy» yoki «Qorabog‘»ga qarshi;

So‘nggi tur taqvimi

YeChL umumiy guruh bosqichi 8-turidagi barcha 18 o‘yin 28 yanvar kuni o‘tkaziladi. O‘yinlar Toshkent vaqti bilan payshanbaga o‘tar kechasi 01:00 da start oladi.

«Ayaks» – «Olimpiakos»

«Arsenal» – «Qayrat»

«Atletik» – «Sporting»

«Atletiko» – «Budyo-Glimt»

«Barselona» – «Kopenhagen»

«Bayyer» – «Vilyarreal»

«Benfika» – «Real»

«Bryugge» – «Marsel»

«Borussiya» D – «Inter»

«Ayntraxt» F – «Tottenhem»

«Liverpul» – «Qorabog‘»

«Manchester Siti» – «Galatasaroy»

«Monako» – «Yuventus»

«Napoli» – «Chelsi»

«Pafos» – «Slaviya»

«PSJ» – «Nyukasl»

«PSV» – «Bavariya»

«Yunion» – «Atalanta»

Pley-offdagi asosiy sanalar

O‘tish bosqichi qur’asi: 30 yanvar

O‘tish bosqichi: birinchi o‘yinlar – 17-18 fevral, javob o‘yinlari – 24-25 fevral

1/8, 1/4 va yarimfinal qur’asi: 27 fevral

1/8 final: birinchi o‘yinlar – 10-11 mart, javob o‘yinlari – 17-18 mart

1/4 final: birinchi o‘yinlar – 7-8 aprel, javob o‘yinlari – 14-15 aprel.

Yarimfinal: birinchi o‘yinlar – 28-29 aprel, javob o‘yinlari – 5-6 may.

Final: 30 may. Budapesht.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version