Sport
«Barsa» derbida yutqazdi va peshqadamlikni boy berdi
Yamal penaltidan foydalana olmadi, kataloniyaliklarda qatorasiga ikkinchi o‘yinda mag‘lubiyat.
«Barselona» Ispaniya kubogida «Atletiko»dan uchralgan yirik mag‘lubiyatdan (0:4) keyin o‘ziga kela olmayapti. Endi Ispaniyaning amaldagi chempionlari Katalonsiya derbisida «Jirona»ga mag‘lub bo‘lishdi.
«Jirona» – «Barselona» 2:1
Gollar: Kubarsi, 59 (0:1). Lemar, 62 (1:1). Beltran, 87 (2:1)
Aniq ijro etilmagan penalti: Yamal, 45’
«Jirona»: Gassaniga, Vitor Reys, Blind, Martines, Rinkon, Lemar (Beltran, 67), Vitsel, I. Martin (Franses, 90), Hil (Roka, 68), Tsigankov, Vanat (Echeverri, 74)
«Barselona»: X. Garsiya, Kubarsi, E. Garsiya (Arauxo, 73), X. Martin (Balde, 63), Kunde, de Yong, Olmo (Bernal, 80), Fermin Lopes, Rafinya (Barji, 64), Yamal, Torres (Levandovski, 73)
Ogohlantirishlar: E. Garsiya, 41. Kunde, 84
Chetlatish: Roka, 90
Hans-Diter Flikning Madriddagi og‘ir mag‘lubiyatga reaksiyasi boshlang‘ich tarkibda ikki o‘zgarish qilish bo‘ldi. Martin chap qanotda Baldening o‘rnini egalladi, bundan tashqari, Rafinya asosiy tarkibga qaytdi (natijada bu safar Kasado boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olmadi). O‘yin debyutida «Jirona» pressing uyushtirdi, «Barselona» esa to‘pni o‘z jarima maydoni atrofidan olib chiqishga harakat qildi. Lekin bu jarayon uzoq davom etmadi va ko‘p o‘tmay ko‘k-anorranglilar tashabbusni to‘liq o‘z qo‘liga ola boshladi. Birinchi bo‘limda mehmonlarning to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunligi kutilganidek 70 ga 30 ko‘rinishini oldi.
Yamal o‘yinning 17-daqiqasidayoq hisobni ochishi mumkin edi, ammo to‘pni darvozabon ustidan oshira olmadi. «Jirona» esa ukrainalik hujumchisi Vladislav Vanat orqali javob qaytardi: Garsiya uning bir necha xavfli zarbalarini qaytarishiga to‘g‘ri keldi.
Bo‘lim oxirida mehmonlar bosimni kuchaytirishdi, 43-daqiqada Rafinyaning zarbasi darvoza ustuniga tegdi. Ko‘p o‘tmay bu bosim natija keltirdi: Deyli Blind jarima maydoni ichida xato qildi va Dani Olmoning oyog‘ini bosib oldi.
Yamal to‘pni oldi, «nuqta»ga yaqinlashdi va ustunni poyladi.
Jamoalar tanaffusga shunday statistika bilan yo‘l olishdi: zarbalar soni bo‘yicha 12-4 va xG bo‘yicha 2,04-0,97 (ikki ko‘rsatkich ham «Barsa» foydasiga)
Ikkinchi bo‘lim ham «Barselona»ning hujumlari bilan boshlandi, «Jirona» qahramonlarcha himoyalandi, himoyachi Rinkon Rafinyaning navbatdagi zarbasini yuzi bilan to‘sib qoldi. Ammo mezbonlar baribir gol o‘tkazib yuborishdi: Kunde qanotdan jarima maydoniga havolatib to‘p uzatdi, Kubarsi barchadan baland sakrab, bosh bilan darvoza burchagiga aniq zarba yo‘lladi. Bu uning la ligadagi ilk goliga aylandi.
Lekin «Barselona»ning hisobdagi ustunligi uzoq saqlanib qolmadi. Uch daqiqa o‘tib hisob tenglashdi. Erik Garsiya ofsayd chizig‘ini ushlashda xato qildi, Vanat esa to‘pni ikkinchi urinishda darvozabon hududiga yetkazdi, u yerda qo‘riqchisiz turgan Lemar osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi.
Shundan keyin «Barsa» futbolchilari asabiylasha boshladi, jamoa himoyasida parokandalik yuzaga keldi. Joan Garsiya yana bir necha bor qiyin va chiroyli seyvlar amalga oshirishiga to‘g‘ri keldi. U bir epizodning o‘zida ikki bor jamoasini qutqardi, to‘p baribir darvoza to‘riga kirganida esa unga ishlatilgan fol tufayli gol bekor qilindi.
Ammo mezbonlar o‘yin oxirida tezkor hujum uchun kuch topa olishdi va
uning darvozasiga baribir ikkinchi golni urishdi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Echeverri Kunde bilan yakkakurashda ustun kelib, to‘pni jamoasida saqlab qoldi, keyin esa Beltran Rokaning assistini golga aylantirdi.
«Barselona» futbolchilari hakamga e’tiroz bildirishdi, zarba berilayotganida Kunde gazonda yotgandi – mehmonlar Echeverri tomonidan unga qo‘pollik ishlatilgan deb hisoblashardi. Ammo bosh hakam Soto Grado va VAR’dagi assistentlar hujumchi to‘pga o‘ynadi deb topishdi va golni inobatga olishdi.
O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Levandovskining goli ofsayd tufayli bekor qilindi, mezbonlar futbolchisi Roki esa Yamalga ishlatgan foli uchun maydondan chetlatildi. Lekin o‘yinda boshqa gol kuzatilmadi va «Barsa» qatorasiga ikkinchi o‘yinni yutqazib, la liga turnir jadvalidagi peshqadamlikni «Real»ga topshirdi.