Jamiyat

Bank sirini bekor qilish emas: Soliq qo‘mitasi izoh berdi

Published

on


Soliq qo‘mitasi banklar tomonidan soliq organlariga axborot taqdim etish tartibiga oid qaror loyihasi yuzasidan jamoatchilikda paydo bo‘lgan savollarga munosabat bildirdi.

Qo‘mita ayrim ommaviy axborot vositalarida loyiha faqat jismoniy shaxslarning omonatlari bilan bog‘liq tashabbus sifatida talqin qilinayotganini qayd etdi. Rasmiy izohga ko‘ra, bunday yondashuv hujjat mazmunini to‘liq aks ettirmaydi.

Ta’kidlanishicha, loyihada soliq nazorati uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etish tartibi, muddatlari, shakllari va elektron formatini belgilash taklif etilmoqda. Shu bilan birga, hujjat soliq organlariga yangi vakolatlar bermaydi va bank hisobvaraqlariga erkin kirish imkoniyatini nazarda tutmaydi.

Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, banklar ma’lumotlarni faqat qonunchilikda belgilangan holatlar va tartib doirasida taqdim etishi mumkin. Bu vakolatlar Soliq kodeksining 134-moddasida mustahkamlangan.

Shuningdek, «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, soliq solish masalalariga oid ma’lumotlar belgilangan tartibda davlat soliq xizmati organlariga berilishi mumkin.

Qo‘mita soliq organlari tomonidan olingan ma’lumotlar soliq siri hisoblanishini ham eslatdi. Bunday ma’lumotlarni oshkor qilish, uchinchi shaxslarga taqdim etish yoki belgilangan maqsaddan tashqari ishlatish qonun bilan taqiqlangan.

Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, banklar va soliq organlari o‘rtasidagi axborot almashinuvi mexanizmi xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladi. Xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlarida bunday tizimlar soliq shaffofligini ta’minlashning muhim vositalaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston ham Soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha global forumga qo‘shilgan.

Soliq qo‘mitasi qaror loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini ma’lum qildi. Idora fuqarolar, tadbirkorlar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillarini muhokamada faol ishtirok etishga chaqirib, kelib tushgan takliflar hujjatni takomillashtirish jarayonida ko‘rib chiqilishini bildirdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version