Jamiyat
BAAdan Interpol orqali qidiruvda bo‘lgan uch fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi
Toshkent va Abu-Dabi Interpol Milliy markaziy byurolari hamkorligida og‘ir jinoyatlar sodir etganlik aybi bilan xalqaro qidiruvda bo‘lgan uch nafar fuqaro Birlashgan Arab Amirliklaridan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Ular iqtisodiy va mulkiy jinoyatlar bo‘yicha sud oldida javob beradi.
Birlashgan Arab Amirliklaridan Interpol kanallari orqali qidiruvda bo‘lgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasiga olib kelindi.
Ma’lumotga ko‘ra, Toshkent va Abu-Dabi Interpol Milliy markaziy byurolari xodimlarining yaqin hamkorligi va muvofiqlashtirilgan harakatlari natijasida og‘ir jinoyatlar sodir etganlik aybi bilan xalqaro qidiruvda bo‘lgan uch nafar fuqaro BAA hududidan O‘zbekistonga topshirilgan.
Tomonlar o‘rtasidagi uchrashuvlar va muzokaralar jarayonida transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari, jumladan, jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish amaldagi xalqaro bitimlar asosida amalga oshirilishi bo‘yicha o‘zaro hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Milliy markaziy byurolar o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar natijasida jinoyatchilarni topshirish ko‘rsatkichlari o‘sishi kuzatilmoqda.
Olib kelingan shaxslar O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan mamlakat hududida sodir etilgan iqtisodiy va mulkiy jinoyatlarga oid ayblovlar bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan. Endi ular jinoiy javobgarlikka tortilish uchun sud oldida javob beradi.
O‘zbekistondagi Interpolning Milliy markaziy byurosi xalqaro hamkorlik doirasida transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, qochib yurgan jinoyatchilarni aniqlash va ularni yurisdiksiyaga qaytarish bo‘yicha ishlar izchil davom etayotganini ma’lum qilgan.