Jamiyat
BAA kompaniyasi O‘zbekistonda 100 ta diagnostika markazini tashkil etmoqchi
O‘zbekistonning BAAdagi elchisi Umid Shodiyev ushbu davlatdagi nufuzli «Unison Capital Investment» kompaniyasi ijrochi direktori Tamer Akl bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Muzokaralar davomida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida sog‘liqni saqlash sohasida zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida Farg‘ona viloyatida DXSh asosida kompyuter tomografiyasi bo‘limlarini tashkil etish investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, kompaniya respublika bo‘ylab 100 ta to‘liq siklli diagnostika markazlarini tashkil etish rejalarini taqdim etdi. Ushbu markazlarda MSKT, MRT, rentgenografiya, gemodializ va laboratoriya diagnostikasi xizmatlarini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
«Unison Capital Investment» rahbariyati Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etib, forum doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari rahbarlari bilan mazkur loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi.
Mazkur tashkilot sog‘liqni saqlash va kapital talab qiladigan yo‘nalishlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan xususiy investitsiya kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya tibbiy infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalarni boshqarish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirish sohasida faoliyat yuritadi.
Bundan tashqari, kompaniya mintaqa bo‘yicha birinchi bo‘lib BAA Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda DXSh modeli asosida tibbiy infratuzilma loyihalarini amalga oshirayotgan xususiy tashkilotlardan biridir.