Iqtisodiyot
Ayrim tovarlar uchun import boji stavkalari vaqtincha pasaytiriladi
JST bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya bayoni tasdiqlandi. 2026 yil 17 fevraldan 2027 yil 1 yanvargacha ayrim turdagi tovarlarga import bojining vaqtinchalik pasaytirilgan stavkalari qo‘llaniladi, ayrim yo‘nalishlarda esa bojdan ozod qilish nazarda tutildi.
Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyasi yig‘ilishining 2026 yil 16 fevraldagi bayoni tasdiqlandi. Hujjatga muvofiq, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, raqobatbardoshlikni oshirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ayrim import boji stavkalari o‘rniga vaqtinchalik pasaytirilgan stavkalar joriy etiladi.
Vaqtinchalik boj stavkalari 2026 yil 17 fevraldan 2027 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi. Shu bilan birga, 2027 yil 1 yanvargacha ayrim TIF TN kodlari bo‘yicha olib kirilayotgan tovarlar tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish maqsadida import qilinganda, pasaytirilgan stavkalar “Loyihalar va import kontraktlarini ekspertiza qilish markazi” DUKning ijobiy xulosasi asosida tatbiq etiladi. Agar ushbu shartlar bajarilmasa, tegishli tovarlarga belgilangan amaldagi stavkalar qo‘llanadi.
Pasaytirilgan stavkalar doirasida apelsin, ananas, greypfrut, pamelo va boshqa sitrus mevalar sharbatlarini ishlab chiqarishda qo‘llanadigan mevalar konsentratlari uchun import boji 3 foiz etib tasdiqlandi.
Eng muhim yangiliklardan biri sifatida, olmoslar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar hamda kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish maqsadida foydalaniladigan alyuminiy simlar import bojidan ozod qilingani qayd etildi.