Sport
Ayrim futbolchilar 2029-yilgacha daromad solig‘idan ozod qilinadi
O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 24-martdagi PQ–107-sonli qarori bilan sport sohasini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilab berildi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan 2029-yil 1-aprelgacha bo‘lgan davrda Superliga va Proligada ishtirok etuvchi futbol klublari futbolchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.
Shu bilan birga, mazkur futbolchilar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi. Bu choralar professional futbolni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Mazkur qaror bilan Sport vazirligi huzurida Sport sohasida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilishi belgilandi.
Shuningdek, sport federatsiyalari faoliyatiga xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Xususan, yillik xarajatlarning kamida 20 foizini qoplagan tadbirkorlar federatsiyalar ijro organlariga kiritiladi.
Professional futbol klublarida esa kamida 20 foiz homiylik mablag‘i kiritgan tadbirkor yoki guruhga klubni ishonchli boshqaruvga berish amaliyoti joriy etiladi.