Jamiyat
“Avtobuslar xuddi taksiday yuribdi” – Shota Rustavelining o‘rtasida avtobus yo‘lagi ochildi
Toshkent shahrining Shota Rustaveli ko‘chasi markazidagi yo‘lakda avtobuslar harakatlana boshladi. Birinchi bosqichda 38, 57 va 58-sonli avtobus yo‘nalishlari qatnoviga ruxsat berilgan. Xo‘sh, jamoat transportining yangi tizimi yo‘lovchilarda qanday taassurot qoldiryapti? Kun.uz muxbiri shu haqda reportaj tayyorladi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
7 oktyabr kuni Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasi o‘rtasida avtobuslar uchun ajratilgan 5 kmlik yo‘lak ochildi. Hozircha 38, 57 va 58-sonli avtobuslar harakatlanyapti. Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan yo‘lovchilarga ko‘ra, ushbu yo‘lak tufayli 20-25 daqiqalik yo‘l 10-15 daqiqaga qisqargan, tirbandlik kamaygan.
“Biz bu yo‘lni 3 oy kutdik, juda qulay. Bekatga o‘tishi uchun peshexod bor. Bolalar o‘zi ham o‘ta oladi. Oldin bunaqa darajada peshexod yo‘q edi. Oldin mashinalar bilan aralashgani hisobiga avtobus o‘rtada qolib ketardi, chiqa olmay qolardi, maktabga kech qolardik”, – deydi yo‘lovchilardan biri.
Boshqa bir suhbatdosh yengil mashinalarning to‘xtovsiz signallari endi yo‘qligini aytdi.
“Ko‘pincha metrodan foydalanardim. Shota Rustaveli ko‘chasi yopiqligi sababli metro tirband edi. Mana bugun ochilibdi, mashinalarda oldingidek, signallar yo‘q. Endi bu yo‘lakni yana ham rivojlantirish uchun qanaqadir manzarali daraxtlar o‘tqazish kerak deb o‘ylayman.
Oldin ishxonagacha taxminan 45-50 daqiqada borardim. Hozir shu yo‘lning yarmiga yetdik («Grand Mir» mehmonxonasi), hali 15 daqiqa o‘tmadi. Menimcha, bekatlar yozgi issiq kunlarga unchalik yaxshi himoyalanmagan. Tomi tunukadan iborat, quyosh nuri o‘tib ketadi. Bekatlarga konditsionerlar o‘rnatibmi, yanayam zamonaviy qilish kerak”, – deydi yo‘lovchi.
58-sonli avtobus haydovchisi Furqat Jo‘rayev yo‘lak ancha xavfsiz ekanligini bildirdi.
“Yengil mashinalar xalaqit qilmaydi. Bexatar yuramiz-da. Qulayliklari zo‘r. Oldingidan 5-10 minut farq qiladi. 40 daqiqada boradigan joyimizga yarim soatda boryapmiz. Avval tirbandlik ko‘p bo‘lardi. Bu zo‘r tizim”, – deydi u. 38-sonli avtobus haydovchisi Nosir Mirzakamolov yengil avtomobillar yo‘lakka chiqib olayotgani noqulaylik tug‘dirayotganini aytdi.
“Vaqtimiz qisqarishga qisqardi-yu, bizning vaqtimiz Sergeli, Bodomzor konechkalarida ko‘proq ketib qolyapti. Tirbandliklar asosan o‘sha yerda bo‘lyapti. Bu yo‘lak bo‘yicha tirbandliklar yo‘q. Qulay. Kamchiliklari bor-u, yaxshi, chiroyli qurilgan. Yengil mashinalar ozgina yo‘nalishini bilmayapti, bizning yo‘nalishimizga kirib, xalaqit beryapti. Agar shu yo‘nalish oxirigacha olib borilsa, odamlarning manziliga yetish vaqti qisqaradi, Indeks bozorigacha uzaytirishsa, ancha qulay bo‘ladi”, – deydi Mirzakamolov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda yo‘l belgilari yetishmasligi tufayli yengil avtomobillar bilan turli noqulayliklar kelib chiqyapti. Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Olloyor Norbo‘tayevning ma’lum qilishicha, ikkinchi bosqichda ushbu yo‘lakda harakatlanish uchun 9 ta avtobus yo‘nalishiga ruxsat beriladi.
“Mazkur 5 kilometr avtobuslar yo‘lagida jami 22 ta avtobus yo‘nalishi harakatlanadi. Hozirda birinchi bosqichda uchta avtobus yo‘nalishiga, ya’ni mazkur ko‘chadan boshdan oxirigacha harakatlanuvchi uchta avtobus yo‘nalishiga ruxsat berildi. Hozir mana ko‘rib turibsiz, o‘sha bekatlarda oxirgi o‘rnatish ishlari, tozalash ishlari amalga oshirilmoqda. Ikkinchi bosqichda 9 ta avtobus yo‘nalishi va 3-bosqichda qolgan avtobus yo‘nalishlari ham mazkur yo‘l bo‘lagi bo‘ylab harakatlanadi. 3 ta avtobus yo‘nalishi boshidan oxirigacha harakatlansa, qolgan avtobuslarimiz mazkur yo‘l uchastkasining ma’lum bir qismida harakatlanadi. Eng ko‘pi shu yo‘lakning bir kilometridan 14 ta avtobus harakatlanadi. O‘sha 2 ta bekat o‘rtasida, masalan, 81-avtobus yo‘nalishimiz o‘sha «Grand Mir» mehmonxonasidan mazkur ko‘chaga harakatlangan holda, Bobur ko‘chasida o‘ngga burilib, Chorsu savdo markaziga harakatlanadi”, – deydi Norbo‘tayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, avtobus yo‘nalishlari maxsus joylar va svetoforlar orqali umumiy oqimga oson qo‘shiladi. Norbo‘tayevga ko‘ra, mazkur yo‘lak bo‘ylab avtobuslarning harakatlanish tezligi o‘rtacha 11-14 foizga oshishi hamda harakatlanish vaqti 7 daqiqaga qisqarishi hisoblab chiqilgan.